Shavkat Mirziyoyev Tatariston Prezidentiga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
12 may 2021
6979O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanovga kecha, 11 may kuni Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan va begunoh odamlarning halok bo‘lishiga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tezda sog‘ayib ketishini tilagan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga ushbu fojia munosabati bilan hamdardlik bildirgandi.
Qozon fojiasi
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 may kuni Rossiyaning Qozon shahridagi maktablardan birida avval otishma, keyin esa portlash yuz berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, maktabdagi otishmada hozirgacha 11 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlardan ikki nafari qochish uchun uchinchi qavat oynasidan sakrashi natijasida o‘lgan.
OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, otishmani ikki nafar yigit sodir etgan. Ularning biri 17 yoshda va u qo‘lga olingan. 19 yoshli boshqa bir buzg‘unchi odamlarni garovga olgani uchun yo‘q qilingan.
Ammo Tatariston IIV hujum qilgan shaxs yolg‘iz bo‘lganini e’lon qildi. Terrorist 19 yoshli Ilnaz Galyaviyev bo‘lgan, uning nomiga qurol rasmiylashtirilgan.
Rossiya Prezidenti mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustin, uning o‘rinbosari Tatyana Golikova va FVV rahbari Yevgeniy Zinichev bilan muloqot qildi.
Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Ta’lim vaziri Sergey Kravsov va Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko favqulodda hodisa joyiga jo‘nab yetgan. Putin shuningdek, halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilasiga yordam ko‘rsatishni buyurgan.
Putin hodisa yuzasidan marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
12 may kuni Tataristonda motam kuni deb e’lon qilindi.
LiveBarchasi