Shavkat Mirziyoyev xalqchil Konstitutsiyani yaratishda shoshmaslikka chaqirdi

Jamiyat

image

Mukammal, xalqchil, xalqning dardiga kafolat bo‘ladigan Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda shunday taklif bildirdi.

“Adolatli jamiyat [qurish] bo‘yicha Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar, referendumga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. 1 avgustgacha Konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha aholidan 150 mingta taklif tushdi, tasavvur qilinglar. Odamlarimiz ertangi kunga befarq emasligidan dalolat bu. Muallimlar, olimlar, tadbirkorlar, veteranlar, nuroniylar va h.k. Hamma o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qanday rahbariyat bo‘lishidan qat’i nazar meni qonun, Konstitutsiya himoya qilsin, deyapti”, deya odamlarning xohishi nima ekanini aytgan Prezident

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, 1 avgustdan keyin muhokama tugagan bo‘lsa ham komissiya ishini davom ettiryapti va yana 2,5 mingta taklif tushgan.

“Mukammal, xalqchil, xalqning dardiga kafolat bo‘ladigan Konstitutsiyani yaratish uchun, men taklifim, shoshilmaslik kerak. Xalq “bu mening Konstitutsiyam”, deb qabul qilishi uchun kerak bo‘lsa yana bir marta odamlar bilan maslahatlashamiz. Nega desangiz, 150 mingta taklifga odamlarga to‘g‘ri, noto‘g‘ri, buni qabul qilamiz, buni qabul qilmaymiz, deb javob berish kerak. Shunda “meni ham eshitadigan zamon kelibdi”, degan fikr bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonunchilik palatasida shuningdek, qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. 

Bundan tashqari, o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi natijasiga ko‘ra, tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilishi ma’lumot uchun qabul qilingan.

Biroq iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlar sabab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasi tugash muddati – 5 iyuldan 15 iyulgacha uzaytirilildi.

Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining joriy yil 15 iyul kuni o‘tkazilgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirish haqida qaror qabul qilingan edi. 1 avgust kuni umumxalq muhokamasi yakunlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing