Endi 15 mart Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi – To‘qayev

Olam

image

Qozog‘istonda endilikda 15 mart – Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev respublika referendumi doirasidagi targ‘ibot kampaniyasida faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotlari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Prezident referendum kunining tarixiy ahamiyatini ta’kidlab, yoshlarga minnatdorlik bildirgan.

“Shubhasiz, bu kun mamlakat yilnomasida abadiy qoladi. Endi 15 mart davlatimizning asosiy hujjati – Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi. Men ko‘plab davlatlar konstitutsiyalarini o‘rganib chiqdim va ishonch bilan ayta olamanki, bizning Asosiy qonunimiz eng ilg‘or hujjatlar qatorida turadi”, degan davlat rahbari.

Prezident yangi Konstitutsiya, ayniqsa yoshlarga yo‘naltirilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Asosiy qonunga ko‘ngillilik (volontyorlik), fan, innovatsiyalar va sun’iy intellekt kabi muhim tushunchalar kiritilgan.

“Keng ko‘lamli targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazildi. Oldinda hali ko‘p ishlar turibdi. Yozda Parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi va biz ularni birlashgan holda, yagona mamlakat sifatida o‘tkazishimiz kerak. Menimcha, bu yoshlar parlamenti bo‘lishi lozim”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.

Shuningdek, To‘qayev respublika referendumi davomida o‘tkazilgan exit-poll natijalari bilan tanishib chiqib, Qozog‘iston xalqini yangi Konstitutsiya qabul qilingani bilan tabriklagan.

“Bugun biz mamlakatimiz uchun chinakam tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik. Qozog‘iston fuqarolari referendumda ishtirok etib, konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Ular Vatan kelajagi uchun ovoz berdi. Xalqimiz ovoz berish orqali mamlakat taqdiri va kelgusi tarixiy yo‘lini belgiladi. Sizning irodangiz jahon yilnomasida abadiy qoladi, chunki u haqiqiy vatanparvarlik ramziga aylandi. Vatandoshlarimiz mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish uchun ovoz berdi. Bu – umumiy yutug‘imiz. Barchangizni ushbu muhim voqea bilan samimiy tabriklayman!”, degan Prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 86,7 foiz ovoz bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya tasdiqlangandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagandi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Konstitutsiya Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing