To‘qayev yana prezident bo‘lishi mumkin. Uning muddati nollashtirildi
Olam
−
07 iyul 4190 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning vakolat muddati yangi Konstitutsiya kuchga kirishi munosabati bilan nollashtirildi. Shu tariqa, To‘qayev mamlakat rahbarligi uchun yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni mamlakat Konstitutsiyaviy sudi xabar berdi.
Qozog‘istonda joriy yil 1 iyuldan yangi Konstitutsiya kuchga kirdi. To‘qayev lavozimga 2019 yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevdan keyin kirishgan edi. Eski Konstitutsiyaga muvofiq, To‘qayevning vakolati 2029 yilgacha bo‘lgan bitta muddat bilan cheklangan edi.
Yangi Konstitutsiya prezidentlar uchun bir martalik yetti yillik muddat cheklovni saqlab qolgan, biroq sud qarori shuni anglatadiki, eski Konstitutsiya doirasidagi avvalgi prezidentlik muddati ushbu cheklovda hisobga olinmaydi.
Rasmiy saytda e’lon qilingan normativ qarorda Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi Prezidentning so‘roviga javoban o‘z tushuntirishlarini bergan.
“1995 yilgi Konstitutsiyaga muvofiq ushbu konstitutsiyaviy normada ko‘rsatilgan lavozimlarni egallab turgan shaxslar 2026 yilgi Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin tegishli lavozimlarga saylanishi yoki tayinlanishi mumkin”, deyiladi sud xabarida.
Qayd etilishicha, ushbu konstitutsiyaviy normada belgilangan cheklovlarni qo‘llash maqsadida “bunday shaxslarning 2026 yilgi Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin tegishli lavozimlarga saylanishi yoki tayinlanishi birinchi marta saylanish yoki tayinlanish deb hisoblanadi”.
Qayd etish joiz, Konstitutsiya yangilangach, 2022 yilning 20 noyabr kuni navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Prezidenti saylovida 2019 yildan buyon mamlakat boshida turgan Qosim-Jomart To‘qayev 81,31 foiz ovoz to‘pladi.
Bungacha Qosim-Jomart To‘qayev Konstitutsiyaga muvofiq 7 yildan ortiq prezident lavozimini egallamasligi, konstitutsion o‘zgarishlarga sodiq qolishini bir necha bor ta’kidlagan. So‘nggi bor u 2025 yilda “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida mazkur masalaga to‘xtalib, shunday degan edi:
“2029 yilda men iste’foga chiqishimni allaqachon e’lon qilganman. Chunki bu xalqimning va shaxsiy talabim. Prezident Xudoning elchisi emas. U o‘z xalqi tomonidan saylangan davlat boshqaruvchisi. Bizda esa bor-yo‘g‘i yetti yilga”, degan davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, To‘qayev 2019 Nursulton Nazarboyevning o‘rnini egallashdan avval Qozog‘iston Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Konstitutsiya kuchga kirishi munosabati bilan Qozog‘istonning sakkizinchi chaqiriq deputatlaridan iborat ikki palatali parlamenti rasman o‘z faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq esa Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti – Qurultoyga saylovlar joriy yilning 23 avgust kuniga belgilandi.
Live
Barchasi