KXDR Konstitutsiyadan Janubiy Koreya bilan birlashish bandini olib tashladi
Olam
−
06 may 285 2 daqiqa
Shimoliy Koreya Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritib, Janubiy Koreya bilan birlashishga oid barcha normalarni olib tashladi va ikki davlatni alohida sub’ektlar sifatida belgiladi. Bu haqda hujjat loyihasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘zgartirishlar joriy yilning mart oyida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Oliy xalq yig‘inida qabul qilingan. Yangi tahrirda ilk bor mamlakat hududi aniq belgilab berilgan. Unga ko‘ra, Shimoliy Koreya hududi shimolda Xitoy va Rossiya, janubda esa Janubiy Koreya bilan chegaradosh ekani qayd etilgan. Shuningdek, hududga tegishli suv va havo hududi ham kiritilgan.
Konstitutsiyada KXDR o‘z hududiga har qanday tajovuzni qabul qilmasligi ta’kidlangan, ammo Janubiy Koreya bilan aniq chegara chizig‘i ko‘rsatilmagan. Jumladan, Sariq dengizdagi bahsli dengiz chegaralari haqida ham aniq ma’lumot berilmagan.
Yangi tahrirda davlat rahbari maqomi ham qayta belgilangan. Endi Davlat ishlari komissiyasi raisi Kim Chen In rasman davlat rahbari sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, mamlakat yadroviy kuchlari ustidan to‘liq nazorat ham aynan unga biriktirildi.
Hujjatga ko‘ra, KXDR “mas’uliyatli yadroviy davlat” sifatida ta’riflanib, mamlakat xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash, urushni tiyish hamda mintaqaviy va global barqarorlikni saqlash maqsadida yadroviy dasturni rivojlantirish davom ettirilishi qayd etilgan.
Ekspertlar fikricha, Konstitutsiyada Janubiy Koreya bilan aniq chegara ko‘rsatilmagani yangi ziddiyatlarni keltirib chiqarmaslikka qaratilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bu o‘zgartishlar Pxenyanning ikki Koreyani “dushman davlatlar” sifatida ko‘rish siyosatini mustahkamlaydi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Kim Chen In Janubiy Koreyani “asosiy dushman” deb atab, Konstitutsiyaga shu mazmunda o‘zgartish kiritishni taklif qilgan edi. So‘nggi yillarda Pxenyan Seulga nisbatan keskin siyosat yuritib, muzokaralar bo‘yicha takliflarni rad etib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon KXDR rahbari Kim Chen Indan Shimoliy Koreya chegarasini kesib o‘tgan dronlar bilan bog‘liq hodisa uchun uzr so‘ragan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi