Shavkat Mirziyoyev ham Tokioga yetib bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Tokio shahriga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Xaneda” xalqaro aeroportida davlat rahbarini Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vaziri Yoshimasa Xayashi, o‘zbek aslli Yaponiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Eri Arfiya va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qilgan rasmlardan Prezident Mirziyoyev Eri Arfiyaga guldasta hadya qilganini ko‘rish mumkin.

Tashrifning asosiy tadbirlari 19-20 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi va boshqa rasmiylar, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etadi.

Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.

Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga yetib borgandi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa bugun, 18 dekabr kuni Yaponiyaga yetib bordi. Ularni ham Eri Arfiya kutib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Yaponiya Markaziy Osiyo – Yaponiya Eri Arfiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing