Shahzoda Uilyam maxfiy ravishda AQSHga boryapti – OAV
Olam
−
23 iyun 2021
6950Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam va uning rafiqasi Keyt Middlton shahzoda Garri hamda Megan Markl bilan uchrashish uchun AQSHga maxfiy sayohat qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Daily Star” Bukingem saroyidagi manbasiga asoslanib xabar bergan.
Manbaga ko‘ra, Kembrij gersogi va gersoginyasi o‘z farzandlarini iyun oyi boshida tug‘ilgan amakivachchalari Lilibet Dianani ko‘rish uchun sayohatga chiqadi. Uchrashuv davomida aka-ukalarning o‘zaro munosabatlarni izga solishga harakat qilishlari kutilmoqda.
“Munosabatlarni davom ettirish istagi bor. Uilyam va Keyt Lili bilan uchrashishni istaydilar”, deyilgan manbada.
Avvalroq, valiahd shahzoda Charlz nabirasi Archining (Sasseks gersogi Garrining o‘g‘li — tahr.) shahzoda unvonini olishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida xabar bergandik.
Bungacha Uilyam ukasi, shahzoda Garrining rafiqasi Megan Marklni “o‘g‘irlikda” ayblagandi.
Shuningdek, Britaniya qirolichasi Yelizaveta II o‘zining oila a’zolariga nabirasi shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning haqiqatga mos kelmaydigan har qanday bayonotlarini rasmiy ravishda rad etishga ruxsat bergandi.
Bunga Sasseks gersogi Garrining yangi tug‘ilgan qiziga Lilibet ismini bergani sabab bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl joriy yilning 4 iyun kuni ikkinchi marta ota-ona bo‘ldi. Qizaloqqa Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va shahzoda Garrining onasi – malika Diana sharafiga Lilibet Diana deya ism qo‘yilgan. Gap shundaki, Yelizaveta II ni tor oilaviy doirada Lilibet deya chaqirishadi.
Hozirda shahzoda Garri va uning rafiqasi Santa-Barbara (AQSH) shahrida yashaydi. Ularning ilk farzandi Archi 2019 yil 6 mayda dunyoga kelgan. 2020 yilda Garri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasi bilan kelishgan holda “Zoti oliylari” unvoniga va SussexRoyal brendiga bo‘lgan huquqlaridan mahrum bo‘lib, rasmiy qirollik vazifalaridan voz kechganliklarini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi