Yelizaveta II nabirasi va keliniga “qonuniy zarba” bermoqchi
Olam
−
23 avgust 2021
7835Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Bukingem saroyi rasmiylariga shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning tanqidlari yuzasidan tuhmat ishlari bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashishni buyurdi. Bu haqda “The Sun” xabar bergan.
Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, 95 yoshli qirolichani “doimiy hujumlar bezovta qiladi”.
“Hamma narsaning chegarasi bor. Qirolicha va uning oilasi advokatlarni yollashdi. Garri va Megan takroriy hujumlar qabul qilinishi mumkin emasligini bilib oladi va tushunadi”, deyilgan xabarda.
Manbada advokatlar Sasseks gersogi va gersoginyasi bayonotlariga “qonuniy zarba” tayyorlayotgani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, advokatlar 2022 yil oxirida shahzoda Garrining memuarlarini nashr etishga tayyorlanayotgan Penguin Random House nashriyotiga ogohlantirish yuborishni o‘ylamoqda.
“The Sun” manbasiga ko‘ra, agar kitobda kimdir tilga olinsa va to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror narsada ayblansa, bu tuhmat va shaxsiy oilaviy hayotga bo‘lgan huquqlarning buzilishi, deb baholanishi mumkin. Qayd etilishicha, advokatlar kitob mazmuni bilan tanishish va unga izoh berish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun nashriyot bilan bog‘lanishi mumkin.
Bukingem saroyi esa bu mavzuda izoh berishdan bosh tortgan.
Avvalroq, shahzoda Garri Britaniyaning Penguin Random House nashriyoti bilan o‘z xotiralaridan iborat to‘rtta kitobni nashr etish to‘g‘risida shartnoma imzolagani haqida xabar bergandik. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi kitob Garrining buvisi — Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning vafotidan keyingina nashr etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda shahzoda Garri rafiqasi va ikki farzandi bilan Santa-Barbara (AQSH) shahrida yashaydi. 2020 yilda Garri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasi bilan kelishgan holda “Zoti oliylari” unvoniga va SussexRoyal brendiga bo‘lgan huquqlaridan mahrum bo‘lib, rasmiy qirollik vazifalaridan voz kechganliklarini e’lon qilgandi.