Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga 5 ta motivatsion film suratga olish yuklatildi
Jamiyat
−
12:21
5587Kelgusi yilda nogironligi bor insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi nogironligi bor insonlarda psixologik bosimlar sababli o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmaydi. Lekin, o‘zida kuch topib, og‘ir vaziyatdan chiqib, qahramonlik ko‘rsatayotgan odamlar ham ko‘pligi ta’kidlandi.
Prezident dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Bu ayol nogironligi bor bo‘lsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambag‘al xotin-qizlarni ishli qildi.
"Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi", dedi davlat rahbari.
Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ushbu majlisda Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamovga nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratish borasida o‘zgarish qilmaganlarga qat’iy chora ko‘rish topshirilgandi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ngratbay Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.