Namanganda zo‘rlangan 5 yashar qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi – Shahnoza Mirziyoyeva

3-sahifa

−

image

Namanganda besh yoshli qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, fojia yuz berganidan buyon Agentlik vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Dastlabki kunlardan boshlab mutaxassislar va psixologlar qizaloq hamda uning onasi bilan ishlamoqda.

Oilaga barcha zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangan. Xususan, ularga boshqa shahardan uy-joy ajratiladi va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Shuningdek, qizaloqning onasiga o‘qish va ishga joylashishda yordam beriladi. Zaruriyat tug‘ilsa, oilaning familiyasini o‘zgartirishga ham ko‘maklashiladi.

Shahnoza Mirziyoyevaning bildirishicha, oilaning xavfsiz joyda yangi hayot boshlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

Mazkur masala Prezident Administratsiyasi tomonidan alohida nazoratga olingan. Barcha mas’ul idoralar voqeaning dastlabki kunlaridan boshlab ishga jalb qilingan.

“Bu jinoyat aslo jazosiz qolmaydi”, deya ta’kidladi Shahnoza Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgangandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgandi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qizchani zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing