Bolaning har bir kunini o‘zgartirish o‘z qo‘limizda – Shahnoza Mirziyoyeva (video)
Jamiyat
−
20:58 1180 2 daqiqa
Joriy yilning 28 sentyabridan Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun ilk bor mobil palliativ xizmat yo‘lga qo‘yildi. Hududda bunday yordamga muhtoj 300 nafardan ortiq bola aniqlangan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ularning asosiy vazifasi – bolalarga uy sharoitida yordam ko‘rsatish, og‘riq va kasallik alomatlarni yengillashtirish, bola hamda unga g‘amxo‘rlik qilayotgan yaqinlari uchun individual yordam rejasini ishlab chiqish va ota-onalarga parvarish ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iborat.
“Bolaning tashxisini o‘zgartirishga ojizmiz, ammo uning har bir kunini o‘zgartirish o‘z qo‘limizda. Maqsadimiz – oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki xospisda olish imkoniyatini yaratish.
Men uchun ushbu loyiha nafaqat tibbiy yordam ko‘rsatish, balki tuzalmas xastalikka chalingan bolalarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirish bilan ham bog‘liq. Xastalik bolaning imkoniyatlarini cheklashi mumkin, ammo uning to‘laqonli hayot kechirishi uchun qilayotgan sa’y-harakatlarimizni cheklamasligi kerak. Bolalar xospisining tashkil etilishi bilan birga bunday bolalarga bo‘lgan munosabatimiz ham o‘zgarishini juda xohlayman.
Biz, eng avvalo, tashxisni emas, bolaning o‘zini - uning xohish-istaklari, orzulari, qiziqishlari va jamiyatimizning ajralmas qismi bo‘lish huquqini ko‘ra bilishimiz lozim”, deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Bildirilishicha, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi har bir bola uchun alohida keys ochadi hamda zarur ijtimoiy xizmatlar va texnik reabilitatsiya vositalarini olishda ko‘maklashadi. Jumladan, bolalarning ehtiyojidan kelib chiqib, moslashtirilgan nogironlik aravachalari, vertikalizatorlar, funksional karavotlar va yotoq yaralarining oldini oluvchi matraslar bilan ta’minlashga yordam beriladi.
Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisi qurilishi ham davom etmoqda. Xospis va faoliyatini boshlagan mobil xizmat birgalikda bolalar hamda ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yagona palliativ yordam tizimining bir qismiga aylanadi.
Live
Barchasi