O‘zbekistonda 9 oyda 107 mingdan ortiq himoya orderi berildi

Jamiyat

−

image

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga 107 ming 167 ta himoya orderi rasmiylashtirilib, minglab ayol va bolalarga ijtimoiy, psixologik hamda huquqiy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida 58 431 ta so‘rovnoma o‘tkazilgan va kunduzgi qatnov asosida 43 449 ta xizmat ko‘rsatilgan.

Birlamchi ko‘mak xonalarida 5 995 nafar ayol va 2 842 nafar bola yordam olgan. Hududiy reabilitatsiya markazlarida esa jami 13 779 ta xizmat ko‘rsatilgan. Ushbu xizmatlarning 5 943 tasi psixologik, 4 644 tasi huquqiy va 3 192 tasi ijtimoiy yordamdan iborat bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 4 yilda 14 yoshga to‘lmagan bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha 445 ta ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘lgan edi. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning nomusiga tegish bo‘yicha 2022 yilda 85 ta, 2023 yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta, 2025 yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Pedofillarga umrbod qamoq

Namangandagi fojia ortidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi. Keyinroq O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qulladi. Keyinroq qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmaoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing