Dunyoni lol qoldirgan o‘zbek ayoli Dilorom Yo‘ldosheva kim?

Jamiyat

image

Bir muddat avval BBC 2024 yil uchun dunyoning 100 nafar eng kuchli ayollar ro‘yxatini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatda esa tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Nadya Murad, aktrisa Sheron Stounlar qatori o‘zbekistonlik kichik tadbirkor  Dilorom Yo‘ldosheva ham o‘rin olgan. Boshqalardan farqli ravishda butun dunyoga mashhur bo‘lmagan, ilm-fan yoki san’atda katta yutuqlarga erishmagan Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi oddiy o‘zbek ayoli dunyoning 100 nafar kuchli ayollari qatoridan joy olishiga nima sabab bo‘lgan – qiyinchilik. Qahramon ayol haqida Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan “Matonat” filmининг ayrim jihatlari QALAMPIR.UZ e’tiborini tortdi.

“Ayollarning dalada yurishini xohlamayman”

Dilorom Yo‘ldoshevaning ikki oyog‘ini dalada kombayn uzib olgan. U kuz kunlari hosil o‘rimida dalada qolgan bolalariga suv va tushlik olib borish uchun shoshgancha yo‘lga chiqadi. Ishchilar tushlik qilayotgan mahal esa kombayn bo‘sh turmasin deb, unga xashak tashlayotganda uzun kiyimi o‘ralashib qolib, o‘ruvchi mashinaning xaskashlari tagida qoladi. Dilorom opa qishloq ayollarining shafqatsiz hayoti qurboni. Dala, ro‘zg‘or tashvishlari, bolalar tarbiyasi kabi og‘ir yumushlarni o‘z zimmasiga olgan oddiy o‘zbek ayollaridan biri.

U o‘z hikoyasida boshqa bir o‘zbek ayolining, ovsinining turmush qiyinchiligi haqida so‘zlab, operatsiyadan so‘ng opasidek bo‘lib qolgan ovsini g‘amxo‘rlik qilgani, ikki oila ishlarini bajarishi, tong sahar 04:30 da uyqudan uyg‘onishi, dam olmay, tik oyoqda mehnat qilishini aytib beradi. 

Shuningdek, uch bolaning onasi filmda o‘z istaklari haqida gapirar ekan, ayollarning dalada yurmasligini, issiqda, boshidan oftob o‘tib pul topishini istamasligini aytadi.

“Qizlar o‘zining ko‘ylagini o‘zi tiksa ham, qishloq sharoiti uchun bu yaxshi. Qishloq sharoitida qizlar o‘rganishi kerak bo‘lgan eng zarur yumush bu – tikish. Tikishni bilsa, hayotda qiynalmaydi. Birovning bitta ko‘ylagini tiksa ham, onasinikiga borish uchun yo‘l pulini ishlab topoladi”, deydi Dilorom opa.

Uning bu gaplaridan anglash mumkinki, qishloqda ayollarning o‘z onasini ko‘rish uchun borishi ham oson emas. Yilda kam sodir bo‘ladigan bu ziyorat uchun ham ayollar og‘ir mehnat qilishlari kerak.

Nogironlik va ko‘zbo‘yamachilik

Umri davomida boshqalardan yordam kutmay, o‘z kuchi bilan mehnat qilgan Dilorom opa ikki oyog‘idan ayrilgach, o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lib qoladi. Uning uchun birgina aravacha olib berishga esa oilasining qurbi yetmaydi. Kunlardan bir kuni unga mas’ullar tomonidan aravacha sovg‘a qilinadi. U bilan cheksiz suratga tushiladi.

“O‘zimning oyog‘im qaytgandek bo‘ldi”, degan ayol.

Ammo sovg‘a qilingan aravacha birovniki bo‘lib chiqadi. U boshqa bir mahallada yashovchi keksa yoshli onaxondan ijaraga olingan aravacha bo‘lib, bir haftadan so‘ng qaytarib olinadi. 

“Agar menga "bu birovning aravachasi", deb aytishganda men uni olmasdim. O‘rganib qolmasdim. Uni olib ketishgandan keyin oyog‘imni yo‘qotgan birinchi kunimga qayta qaytdim. Bu juda og‘ir”, degan Dilorom opa.

Uning oldiga mas’ullar tez-tez kelib turgan. Faqat rasmga tushish uchun. Shu sabab u haqida film olishga kelganlarga ham shunday deydi:

“Mening oldimga kelganlarning ko‘pchiligi rasmiyatchilik uchun faqat rasmga tushishadi. Siz ham tushmoqchi bo‘lsangiz, bemalol tushib olavering. Rasmiyatchilik uchun tushib beraveraman”, deydi ayol.

Hajga atalgan puliga protez olib bermoqchi bo‘lgan onaxon

Dilorom opaga ko‘zbo‘yamachilik uchun aravacha berib, so‘ng tortib olgan mas’ullardan farqli o‘laroq yordamkash, rahmdil qo‘shnilari bor edi. Ulardan biri Haj uchun atalgan pulni unga protez olish uchun bermoqchi bo‘lgan Poshsha xola.

“Protez olish uchun borib kelganimdan so‘ng Poshsha xolamiz hol so‘rab keldi. Xola uyida eri bilan gaplashib, Hajga yig‘ayotgan pulini menga bermoqchi bo‘ldi. “Protezi qimmat ekan, shu o‘zimiz yig‘ayotgan pulni bersak, Hajga borganning savobini shu yerda turib ham qilsak bo‘ladi-ku”, debdi. “Men pulingizni ololmayman, necha yildan beri yig‘asizlar, axir”, deb yig‘ladim va taklifni qabul qilmadim. U bilan qarindosh emasmiz. Mahallada qo‘shni turamiz, xolos. Shunday bo‘lsa ham yordam bermoqchi bo‘ldi. Shundan keyin qarindoshlar pul yig‘ib berishdi”, deya hikoya qilgan u.

Yo‘llar loy

Qishloq sharoitida oila boqish, ro‘zg‘or tebratish oson emas. Dilorom opa shuning uchun tikuvchilik qilib, eriga yordam berishga harakat qiladi. U eski tikuv mashinasi bilan qishloq ayollariga ko‘ylak-lozim tikib, tirikchilik qilishni boshlaydi. Mahalla faollari yordami bilan unga zamonaviy tikuv mashinasi sovg‘a qilinadi.

Ayol o‘z hayoti haqida hikoya qilar ekan, qishloqning og‘ir sharoitlarini gapirib o‘tadi. Dilorom Yo‘ldosheva yashaydigan hududga mashinalar kelmaydi – yo‘llar loy. Mashinaga chiqish uchun esa u 1,5 km yo‘l bosishi kerak. Yomg‘irli, qorli kunlarda esa ayol aravachada harakatlanish qiyin kechishini aytadi.

Unga ko‘ylak tiktirmoqchi bo‘lganlar ham uylari uzoqda ekanini ko‘p aytishgan. Kiyimlar tikilib, tayyor bo‘lgach, Dilorom opa uni o‘g‘lidan o‘z egalariga velosiped orqali berib yuboradi. 

“Dadasi, boshqasiga uylanib oling”

Dilorom opa nogiron bo‘lib qolgach, turmush o‘rtog‘iga boshqa ayolga uylanishni taklif qilgan. U oyoqsiz qolgani, erining xizmatini qilolmayotgani uchun shunday deyishga majbur bo‘lgan. Ammo eri undan bu gapni boshqa takrorlamasligini tayinlaydi. 

“Menga yana uylaning deb aytdi. Yo‘q, men bu taklifga ko‘nmaganman. Bunday bo‘lishi mumkin emas, bu erkakning ishi emas. U bilan necha yil birga yashaganmiz axir”, degan Diloromning turmush o‘rtog‘i.

Dilorom opaga nima kerak?

Dilorom opa joriy yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotida onlayn shaklda ishtirok etadi. Muloqotdan so‘ng dalada og‘ir mehnat sabab oyoqlarini yo‘qotgan, yo‘l bormagan uyda yashovchi, qishlog‘ida ayollarning dalada mehnat qilishi odatiy hol bo‘lgan ayol prezident tomonidan yaratilayotgan sharoitlarga rahmatini aytadi.

Uning shogird qizlari undan agar prezident bilan jonli ko‘rishadigan bo‘lsa, undan nima xohlashini so‘raydi. Oyoqlaridan ayrilgan ayol esa bu savolga “tinchlik” deb javob beradi.

“Men prezidentdan hech narsa so‘ramayman. Faqat yurtimizni tinch qilib turganiga rahmat aytaman”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Dilorom Yo'ldosheva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar