Shahboz Sharif yana Pokiston Bosh vaziri bo‘ldi
Olam
−
03 mart
9018“Pokiston musulmon ligasi” (PML) raisi Shahboz Sharif Pokistonning yangi Bosh vaziri etib saylandi. Mamlakat Milliy assambleyasidagi (parlamentning quyi palatasi) ovoz berish jarayoni PTV News telekanali tomonidan namoyish etildi.
PML vakili, spiker Sardor Ayoz Sodiq raisligidagi Milliy Assambleya yig‘ilishi “Birlashgan Sunniy Kengashi” partiyasi deputatlari tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishi tufayli bir soatdan ortiq kechikish bilan boshlandi.
Yangi chaqiriq parlamenti quyi palatasining 336 nafar deputatidan 201 nafari PML yetakchisiga ovoz berdi. Uning Pokiston hukumati rahbari lavozimi uchun kurashdagi raqibi, Milliy assambleyaning yangi chaqiriq deputatligiga mustaqil nomzod sifatida kirgan “Adolat harakati” partiyasi bosh kotibi Umar Ayub Xon 92 ovoz oldi.
Ko‘pchilik ovozi bilan g‘alaba qozongan Shahboz Sharif ertaga, 4 mart kuni qasamyod qiladi.
Ma’lumot uchun, Sharif 2022 yilning aprelidan 2023 yilning avgustigacha Pokiston hukumatini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 9 avgust kuni Prezident Orif Alvi konstitutsiyaning 58-1-moddasiga muvofiq, Bosh vazir maslahati bilan Milliy assambleyani tarqatib yuborgandi. Bu bilan Shahboz Sharif hukumati vakolatlari ham tugatilgandi. 12 avgust kuni Pokistonda muvaqqat Bosh vazir lavozimiga “Balujiston Avami” partiyasidan chiqqan senator Anvar ul-Haq Kakar tayinlandi.
Shahboz Sharifdan ham oldingi sobiq bosh vazir Imron Xon ham 2024 yilning 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan respublika parlamentiga saylovda nomzod sifatida ishtirok etmoqchi edi. Biroq 30 yanvar kuni u davlat sirlari haqidagi qonunni buzganlikda ayblanib, o‘n yillik qamoq jazosiga, 31 yanvarda esa rafiqasi Bushra Bibini bilan birga korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Keyinchalik Imron Xonning ayoli Bushra Bibi birinchi turmushidan ajrashganidan keyin qonun bo‘yicha 3 oy iddada o‘tirmay, Imron Xon bilan nikohdan o‘tgani uchun juftlik Ravalpindi sudi tomonidan qo‘shimcha 7 yillik qamoq jazosi va 1800 AQSH dollari miqdorida jarimaga tortildi.
LiveBarchasi