Shahboz Sharif ham Mirziyoyevni qutladi
Jamiyat
−
12 iyul 2023
6209Bugun, 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Pokiston yetakchisi Mirziyoyevni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Suhbat chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlar amalga oshirilishi muhimligini qayd etgan.
Mamlakatlarning yetakchi korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlangan.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan 7 yil muddatga saylandi. Shavkat Mirziyoyevning g‘alabasidan so‘ng uni Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Xitoy, Ozarbayjon, Turkiya, Eron va Armaniston yetakchilari tabrikladi.
LiveBarchasi