Bishkekda namoyish vaqtida Atamboyevning avtomobiliga qarata o‘q uzildi

Olam

image

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi Ala-Too maydonida otishma sodir bo‘ldi. O‘q ovozini eshitgan olomon 4 tomonga qarab qochdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.

Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, aniqlanmagan shaxslar Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning mashinasiga o‘q uzgan. Keyinroq u yerda 2 ta jangovar patron gilzasi topilgan.

Ushbu voqeadan biroz oldin Ala-Too maydonida 2 ta turli muxolifat guruhlari orasida to‘qnashuv bo‘lgan. Bir tomondan Almazbek Atamboyev, Omurbek Babanov va uyushgan jinoyatchilikka qarshi bo‘lganlar ikkinchi tomondan Bosh vazirlikka nomzod Sadir Japarov tarafdorlari kelishgan. Muxolifatchilar bir-birlarini toshbo‘ron qilishgan edi. Keyinroq Japarov tarafdorlari Ala-Too maydonini egallashgan.

So‘nggi damda olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ala-Too maydonida yana bir necha kishi jarohatlangan. Ulardan biri siyosatchilardan birining tan soqchisi ikkinchisi muxolifatchi Toktogaziyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

198

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing