“Sen bo‘lmasang boshqasi”. Kreml G‘arb rus gazidan voz kechmoqchiligiga izoh berdi

Olam

image

G‘arb davlatlari rus gazini sotib olishdan bosh tortsa, Rossiya boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berishi mumkin, chunki dunyo ancha keng. Bu haqda kecha, 6 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Peskov Rossiya uzoq muddatdan beri sanksiyalar bilan yashab kelayotganini va bunga o‘rganib qolganini aytgan. U sanksiyalarga qaramay hayot davom etishini ta’kidlagan.

“Biz sizlarning yo‘qotishlaringizni diqqat bilan kuzatyapmiz. Biz gazni boshqa davlatlarga sotishimiz mumkin. Dunyo G‘arbdan ancha keng, butun jahonda gaz uchun talab bor”, degan Peskov jurnalistning G‘arb rus gazini sotib olishdan bosh tortsa, Rossiya ko‘radigan zarar haqidagi savolga javoban.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda yangi tartibot, yangi moliyaviy tizim shakllanmoqda va bu muqarrar sodir bo‘ladi.

Joriy yilning 5 aprel kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Klement Bon Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorlanayotganini aytdi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen taqiq, xususan, yarimo‘tkazgichlar, mashinalar va transport uskunalarini Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish, shuningdek, Rossiya ko‘mirini import qilishga ta’sir qilishini aytdi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasidan neft importiga nisbatan choralar ko‘rilishi kutilmoqda. Biroq, YeI Rossiya gazini rad etmaydi, chunki Vengriya bunday qarorga veto qo‘yishga tayyor.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing