Sattoriyning qamalishi saylov arafasida matbuotni qo‘rqitishdir – CPJ
Jamiyat
−
12 may 2021
12166Xabaringiz bor, 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriyga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) surxondaryolik blogerning qamalishi bo‘yicha munosabat bildirdi.
Xalqaro qo‘mita Otabek Sattoriyni soxta tovlamachilik va tuhmat qilish ayblovlari bilan qamalgan, deya hisoblagan.
“Bloger Otabek Sattoriyning soxta tovlamachilik va tuhmat qilish ayblovlari bilan aybdor deb topilgani O‘zbekiston Hukumatining Prezident saylovlari yaqinlashayotgan bir paytda matbuotni sezgir masalalarni yoritib berishdan qo‘rqitishga qaratilgan aniq harakatdir. Rasmiylar Sattoriyning murojaatlariga qarshi chiqmasliklari va ishi uchun jurnalistlarni qamoqqa tashlamasliklari kerak”, deydi qo‘mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said.
Qayd etilishicha, CPJ izoh olish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, “Hududgazta’minot” hamda Termiz va Surxondaryo hokimliklariga elektron pochta orqali xabar yuborgan, ammo javob olmagan.
Eslatib o‘tamiz, bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi jazolarni (qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Keyinchalik, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov bloger atrofidagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi. U o‘z postida bu voqeadan so‘ng cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkinligidan xavfsiradi.
Avvalroq ham Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O‘zbekistonni yaqinda qabul qilingan Internetda “so‘z erkinligini cheklovchi” qonunchilikdagi o‘zgartishlarni bekor qilishga chaqirgandi Tashkilot inson huquqlari himoyasi guruhi kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Prezident saylovlari oldidan Internetda “cheklovlar kuchaymoqda”, deya hisoblagandi.
LiveBarchasi