Allamjonovni o‘ldirish kimga kerak?
Tahlil
−
29 Oktabr
3089426 oktyabr tongi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirilgani haqidagi shum xabar bilan boshlandi. O‘zbekiston saylovga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir vaqtda saylovdan bir kun oldingi bu xabar ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Markaziy saylov komissiyasi har soatda saylovga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida axborot berayotgan bir vaqtda, tarmoq foydalanuvchilarining asosiy muhokamasi sobiq mulozim Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirilgani bo‘ldi. Saylov odamlarni Allamjonov bilan sodir bo‘lgan voqeani muhokama qilishdan chalg‘ita olmadi.
Voqea sodir bo‘lganiga uch kun bo‘lishiga qaramay, hammaning e’tibori shu hodisada qolmoqda. Qolaversa, ochiqdan-ochiq qurolli hujum O‘zbekistonning yaqin 25 yillik tarixida sodir bo‘lmagandi. Sobiq administratsiya mulozimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi Allamjonov davlat rahbari va umuman hukumatga yaqin odam. Qolaversa, u har ikki rahbar davrida yaxshi lavozimlarda ishlagan.
Har holda bir necha yildan buyon Prezident Mirziyoyevning katta qizi va hozirda uning yordamchisi sifatida faoliyat olib borayotgan Saida Mirziyoyeva bilan ishlab kelayotgandi. Allamjonov hukumatdagi faoliyatini tugatgani e’lon qilinganida ham uni xususiy sektorga Mirziyoyeva kuzatdi. Komil Allamjonov 2024 yilning 26 oktyabr kuni aniqroq aytganda, Parlament saylovidan bir kun oldin Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyi yaqinida qurolli hujumga uchragan.
Dastlab ko‘pchilik OAVlar aniq ma’lumot yo‘qligi sababli bu xabarni e’lon qilishga shoshilmadi. Bosh prokuratura bergan bayonotida holat haqiqatdan ham sodir bo‘lganini isbotladi. Dastlabki ma’lumotda ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringani aytildi. Bosh prokuratura Allamjonovga suiqasd uyushtirilganini qisman tasdiqladi. Qisman deyayotganimiz ham bekorga emas, chunki prokuratura bergan bayonotida “bu holat haqiqatdan ham Allamjonov bilan bo‘lgan”, deb aytilmagan. Ammo qurolli hujum bo‘lgani yashirilmagan.
“26 oktyabr kuni soat 01:40 larda Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan Range Rover rusumli avtomashinaga 2 nafar noma’lum shaxs o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Bu hodisa oqibatida biron-bir shaxs tan jarohati olmagan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, degan Bosh prokuratura.
Shuningdek, prokuratura tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan. Bosh prokuratura 27 oktyabr kuni erta tongdan qo‘shimcha axborot berib, o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari, 28 oktyabr kuni uch nafar shaxs aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura holat sodir bo‘lgani haqidagi dastlabki bayonotni berganida jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) moddasi bilan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgandi. Gumonlanuvchining qo‘lga olinishi haqidagi bayonotda esa bu moddalar bittaga ko‘payib, Jinoyat kodeksining 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddasi ham qo‘shilganini ko‘rish mumkin.
Qolaversa, bosh prokuratura ochgan jinoyat ishi doirasida nafaqat prokuratura, balki Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat va Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilganini ma’lum qilgan.
Yuqorida aytganimizdek, saylov odamlarni Allamjonov bilan sodir bo‘lgan voqeani muhokama qilishdan chalg‘ita olmadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari holat qanday sodir bo‘lgan, kim va nima uchun sobiq amaldorga suiqasd qilgan degan savollarni o‘rtaga tashlayotgan bir vaqtda tarmoqlarga video sizdirildi. Bosh prokuratura videoni tasdiqlanmagan va asossiz ma’lumot deb baholagan.
“Qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda mas’uliyat aniq belgilangan – buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar ma’murlari yaxshi his etishlari lozim. Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar ko‘p. Media vakillari ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me’yorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak. Shunga ko‘ra, jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirishni qat’iy so‘rab qolamiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Bosh prokuratura aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik borligini ham eslatib o‘tgan. Bir vaqtlar Allamjonov boshqargan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham Bosh prokuratura aytgan gaplarni takrorlab, jurnalist va blogerlarga faqat rasmiy manbalarda taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalanishni tavsiya etdi.
Hamma Komil Allamjonovga bo‘lgan suiqasdni muhokama qilayotgan bir vaqtda Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi saylovga borgani haqidagi suratni o‘zining sahifasida ulashib, qisqa va lo‘nda qilib, "O‘z tanlovimni qildim", deb yozgan.
Allamjonov o‘zi bilan sodir bo‘lgan suiqasd masalasida hozirgacha lom-mim demadi. So‘nggi yillarda eshitmaganimiz suiqasdning ishdan ketganiga hali ko‘p bo‘lmagan, kimsan Prezident administratsiyasi amaldoriga nisbatan qilingani ko‘pchilikni xavotirga soldi va bir qancha savollarni o‘rtaga tashladi.
Bu ishni kim qilgan, maqsad nima edi, Allamjonov tungi soat 1:40 da qayerdan qaytayotgandi va jinoyatchilar sobiq amaldorning o‘sha vaqtda Qibray tumani, Ifor ko‘chasidan o‘tishini qayerdan bilgandi yoki suiqasd haqiqatdan ham piarmi? Bu kabi savollar nafaqat jurnalistlar balki jamoatchilikni ham qiziqtirmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, Allamjonovning Prezident Administratsiyasidan ketgani haqidagi gaplar shu yilning iyul oyida bolalagan edi. U esa temirni qizig‘ida bosib, iyul oyining o‘zida davlat va nodavlat teleradiokanallar hamda boshqa OAV rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, hali ham lavozimda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Lekin, oradan ko‘p o‘tmay u haqiqatdan ham Administratsiyadan ketdi. Hamma narsaga aybdor bo‘lgan Allamjonov endi siyosatda emas.
Uning ketishi ham boshqalarnikidek emas, Prezident yordamchisi, davlat rahbarining to‘ng‘ich qizi va davlat amaldori sifatida karerasini Allamjonovga o‘rinbosarlikdan boshlagan va oxirgi paytlarda uning o‘ziga rahbarlik qilgan Saida Mirziyoyeva Komil Allamjonov bilan xayrlasharkan, unga fidokorona xizmati va professionalizmi uchun chuqur minnatdorlik bildirishni unutmadi.
“O‘tgan ikki yil davomida Prezident bergan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, davlat va jamiyat uchun muhim bo‘lgan katta loyihalarni amalga oshirdingiz. Matbuot va ta’lim tizimini takomillashtirishda katta natijalar ko‘rsatdingiz. Buning uchun sizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ishonamizki, siz boshlagan ishlar kelajakda o‘z mevasini beradi”, degan Prezident yordamchisi.
Bugungacha PAga kimlar keldi, kimlar ketdi. Zaynilobiddin Nizomiddinov deysizmi yo Sardor Umurzoqov. Ularning hech biri bilan bu tarzda xayrlashilmagan. O‘zbekistondagi eng yuqori lavozimlardan biridan o‘z istagi va shunaqa xayr-ma’zur bilan ketgan Allamjonov. Prezident administratsiyasiga o‘z hurmati bilan kelib, hurmat izzatda kuzatilgan Allamjonov bilan sodir bo‘lgan voqea ko‘pchilikni oyoqqa turg‘izdi.
Odamlar orasida esa voqea haqida turli gaplar bolalab ulgurgan. Kimdir bu Allamjonov tomonidan uyushtirilgan piar desa yana kimdir uning O‘zbekistondan chiqib ketishini istaganlar qilgan bo‘lishi mumkin demoqda. Lekin holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov natijalari e’lon qilinganida aniq ma’lumotlar e’lon qilinadi. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.
LiveBarchasi