Erdo‘g‘an Turkiya jurnalistlarni qamash bo‘yicha birinchi bo‘layotganiga munosabat bildirdi
Olam
−
13 may 2023
9359Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 11 may kuni yoshlar bilan an’anaviy saylovoldi uchrashuvini o‘tkazib, ularning savollariga javob berdi. Unda davlat rahbaridan Turkiyada jurnalistlar qamalayotgani, matbuot erkinligi yo‘qligi haqidagi gaplarga munosabati so‘raldi.
Prezident bunga javoban, Turkiyada shu paytga qadar da’vo qilinayotgani kabi jurnalistlar qamalmagani, qamoqdagilari ham kasbiga aloqador bo‘lmagan jinoyatlar: o‘g‘rilik, qurol kontrabandasi kabilar bilan ayblanganini ta’kidladi.
“Buni iddao qilayotganlarga aytamizki, marhamat, (qamalgan jurnalistlarning) ismlarini ayting, bilaylik biz ham kimligini. E’tibor bering, qamalgani iddao qilinayotganlardan ikki nafari Xalq demokratik partiyasidan mazkur saylovlarda nomzod bo‘ldi. Hatto, men Adliya vaziridan shunga o‘xshash iddaolar bor, bularning qanchalik to‘g‘riligini sizlar ham bir surishtiringlar, deb so‘rayman. Ularning aytishicha, bunday holat kuzatilgani yo‘q, bularning bari yolg‘on. Jiddiy ma’noda so‘rayapman, bizga o‘sha ismlarni aytishsin, agar vaziyat chindan ham yuqoridagidek bo‘lsa, biz ham buni tekshirib ko‘raylik”, deydi u.
Shuningdek, u o‘zining intellektual jinoyat uchun qamalganini eslagan. O‘shanda Istanbul hokimi vazifasini bajargan Erdo‘g‘an 1997 yilning dekabrida Siirt viloyatida omma oldida Ziyo Go‘kalpning 1912 yilda Bolqon urushi vaqtida yozilgan “Askar duosi” she’rini o‘qigani uchun qamalgandi. She’rning asl shakli quyidagicha edi:
Qo‘limda miltiq-u, qalbimda imon,
Ikki tilagim bor: din ila Vatan.
O‘chog‘im armiya, buyugim sulton,
Sultonga madad ber, yo Rabbiy!
Umrini uzoq qil, yo Rabbiy!Gumbazlar — dubulg‘a, nayza — minora,
Bu ilohiy lashkar dinimni kutar.
Allohu Akbar, Allohu Akbar!Yo‘limiz g‘azot, so‘ngi shahodat,
Dinimiz istar sidq ila xizmat.
Onamiz vatandir, bobomiz millat,
Vatanni ma’mur ayla, yo Rabbiy!
Millatni masrur ayla, yo Rabbiy!Sanjog‘im tavhid-u, bayrog‘im hilol,
Birisi yashildir, yana biri ol.
Islomga achingin, dushmandan o‘ch ol,
Islomni obod ayla, yo Rabbiy!
Dushmanni barbod ayla, yo Rabbiy!Qo‘mondon, zobit erur bobolarimiz,
Serjant-u, o‘nboshidir og‘alarimiz,
Qat’iy va hurmatlidir qonunlarimiz.
Lashkarni butun ayla, yo Rabbiy!
Sanjoqni ustun ayla, yo Rabbiy!Jang maydonida necha alp yigit,
Din va yurt uchun bo‘ldilar shahid,
O‘chog‘i o‘chmasin, so‘nmasin umid,
Shahidni mahzun etma, yo Rabbiy!
Naslini zabun etma, yo Rabbiy!
Bu she’r Bolqon urushi vaqtidagi askarlarga bag‘ishlangan bo‘lib, undagi “dushman” so‘zi Bolgariya hamda Bolqon qo‘shinlarini, “sulton” esa Usmonli Turk sultoni Rashodni ifodalaydi. Erdo‘g‘an dastlabki misralarni quyidagicha o‘zgartiradi:
Minoralar — nayza, gumbaz — dubulg‘a,
Masjidlar — qal’a, mo‘minlar — askar.
Bu ilohiy lashkar dinimni kutar
Allohu Akbar, Allohu Akbar!
She’rdan so‘ng u “har bir davrning Fir’avnlari va Namrutlari bordir. Biroq ularning qarshisiga chiqadigan Muso va Ibrohimlar to‘siqlarni yengib, yo‘llarni tozalaydilar”, deya ta’kidlaydi. 1997 yil 7 dekabrda uning shu so‘zlari uchun “irq, din va mazhablar o‘rtasida nafrat qo‘zg‘ash” bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Qizig‘i shundaki, bu she’r mamlakat Milliy ta’lim vazirligi o‘qituvchilar va o‘rta maktab o‘quvchilari uchun tavsiya etgan “Turk va Turkiylik” nomli kitobga kiritilgan edi. Shunga qaramay, u 1998 yil 21 aprelda 1 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, 860 ming turk lirasi miqdorida jarimaga tortilgan. To‘rt oylik qamoqdan so‘ng, apellyatsiya sudi qarorni o‘zgartirib, Erdo‘g‘anni ozod qildi.
Prezident bir guruh tanlangan yoshlar bilan uchrashuvda aynan shu voqeani xotirladi. Erdo‘g‘an qancha qamoqxonada necha nafar jurnalist saqlanayotganini aniqlashga chaqirdi. Shuningdek, ularning o‘z kasbiga aloqador bo‘lmagan jinoyatlar bilan qamalganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha shu paytga qadar qamalgan jurnalistlarning uchdan bir qismi Turkiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Turkiya yaqinda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tomonidan e’lon qilingan so‘z ekrinligi reytingida 180 ta davlat ichida 165-o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, mamlakat ommaviy axborot vositalarining 90 foizi hukumatparast ishbilarmonlarga tegishli bo‘lib qolayotgani aytiladi.
LiveBarchasi