Suv bostirganlarga jarima, akasini o‘ldirganga 5 yil, haqiqatni gapirganga 6,5 yil(mi)?
Tahlil
−
11 may 2021
31405Kecha, 10 may kuni O‘zbekistonda kun tartibiga chiqqan jinoyatlar bo‘yicha sud hukmlari e’lon qilindi. Bulardan ikki jinoyat odamlar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lsa, uchinchisi “so‘z erkinligining qatli” deya atalashi ehtimoldan xoli emas.
10 may kuni surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi tomonidan 6,5 yilga, akasini pichoqlab o‘ldirgan Nuriddin Mahmudov jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan 5 yilga, “Sardoba ishi” bo‘yicha 4 kishiga Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Siz o‘qishni boshlangan tahlilning tug‘ilishi sababi ham ana shu uch hukm.
Suvni toshirganlar suvdan quruq chiqdimi?
O‘tgan yilning 1 may kuni Sirdaryodagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilib, buning oqibatida 10 minglab aholi zarar ko‘rdi. 5 mingga yaqin uylar yaroqsiz holatga kelib qoldi. Ekin maydonlari zarar ko‘rdi, yuzlab chorva mollari qurbon bo‘ldi. Sahar yopirilgan suv 6 kishini hayotdan bevaqt olib ketdi.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi va 258-moddasi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Ushbu jinoyat ishi yuzasidan bugungi kunga qadar 17 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, keyinchalik ularga nisbatan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Sardoba ishi” bo‘yicha tergov jarayoni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan bo‘lib, tergov 7 oyga cho‘zilgan. Sud hukmigacha mas’ul tergov organi tomonidan tergov qay tartibda o‘tkazilayotgani, unga jalb qilingan shaxslar haqida ma’lumot berilmagan. “Sekret”lar sudda ham davom etdi, sud majlisi ham yopiq tarzda o‘tkazildi.
Bundan tashqari, jinoyat ishida gumonlanayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar, xususan ularning ismi-familiyasi, mansabi, manfaatlari to‘qnashuvi borasidagi ma’lumotlar ham jamoatchilikka oshkor etilmadi.
6 kishining xuni 6 kishining qamalishi bilan to‘lanadimi?
“Sardoba ishi” bo‘yicha Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 14 nafar sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 258-moddasi (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3 nafar sudlanuvchiga esa Jinoyat kodeksining 203-moddasi va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ulardan 6 nafariga 4 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qolgan 11 nafar shaxsga jarima jazosi tayinlandi. Ushbu ro‘yxatda “Sardoba” suv ombori qurilishida bosh-qosh bo‘lgan mansabdor shaxslarning yo‘qligi ajablanarli, albatta. Bundan tashqari, sudlanuvchilarga nisbatan JKda nazarda tutilgan ayrim moddalar, masalan pora olish va berish, poraga vositachilik qilishga qarshi JKning 210, 211 va 212-moddalari hamda 203- “suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish” moddalari qo‘llanilmagani ajablanarlidir.
Sattoriyga 6,5 yil berilishi adolatdanmi?
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uni uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Qayd etish kerakki, Otabek Sattoriyga nisbatan dastlab 7 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan edi. Ammo sud hukmiga ko‘ra, Sattoriy jabrlanuvchi N. Norbayevani haqorat qilgani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Ko‘charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilgani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topildi va oqlandi.
Akasini o‘ldirgan qotil 5 yilga “kesildi”
10 may kuni jinocht ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida akasini pichoqlab o‘ldirgan yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud Nuriddin Mahmudovni Jinoyat kodeksining 104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan deb topdi. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.
10 minga yaqin insonni ko‘chada qoldirgan, chaylalarda yashashga mahkum etgan Sardoba “qahramonlari”ga esa belgilangan jazoni manzil koloniyalarida o‘tash belgilangan. Eng qizig‘i shundaki, “Sardoba ishi” bo‘yicha sudlanuvchilar JKning 258-moddasi, ya’ni tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida odamlar o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da 14 nafar sudlanuvchiga jarima jazosi tayinlangan.
Telegram va YouTube platformasida “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Otabek Sattoriy bilan bog‘liq mojaro joriy yilning yanvar oyi oxirida boshlandi. U 29 yanvar kuni tovlamachilikda gumonlanib, fuqaro kiyimidagi bir guruh IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. O‘sha paytda bloger Jinoyat kodeksining birgina 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan. Lekin keyinchalik o‘z-o‘zidan bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qarshi ko‘rsatma beruvchi “jabrlanuvchi”lar ko‘payib qoldi va unga yangi moddalar “ilindi”.
Aslida Sattoriy 2020 yilning kech kuzida Sherobod tuman dehqon bozorida sindirilgan telefoni uchun kompensatsiya talab qilishi ortidan hibsga olingan. Agar tergovga ishonilsa, u paytda “jabrlanuvchi” tomon bitta – Sattoriyning telefonini tiklab berishi lozim bo‘lgan tomon edi. Afsuski, boshida jabrlanuvchi bo‘lgan Otabek Sattoriy falakning gardishi teskari aylanishi oqibatida Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan aybdor deb topilib, bugungi kunda 6,5 yilga ozodlikdan mahrum bo‘lib o‘tiribdi. Bundan tashqari, “jabrlanuvchi”lar sonining birdaniga 11 nafarga yetishi mutasaddi rahbarlarning Sattoriyga nisbatan oldindan “tish qayrab” kelganining mahsuli bo‘lsa, ne ajab. Chunki o‘zi jabrlanuvchi bo‘lib turgan odamga nisbatan birdaniga 5 ta epizod yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 6,5 yilga qamalishi barchani hayratlantirishi tabiiy, albatta.
E’tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir jihat borki, bu ham bo‘lsa Otabek Sattoriy 7 ta holat bo‘yicha ayblandi va yakunda faqatgina 3 ta holat yuzasidan jazoga tortildi. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Otabek Sattoriyning harakatlarini noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilgan tuman ichki ishlar organining tergovchisiga nisbatan sud tomonidan xususiy ajrim chiqarildi. Sattoriy ishida kuzatilgan bunday holat birinchisi emas. Avval ham huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining jinoyat ishini noto‘g‘ri kvalifikatsiyalashi holati Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishida ham kuzatilgandi. Lekin ayblanuvchilar qachongacha tergovchilarning yetarli layoqatga ega emasligidan, ta’bir joiz bo‘lsa, noqonuniy xatti-harakatidan jabr ko‘rishi kerak? Qachongacha davlat organlari dalillar muqobilligini tekshirmasdan hamda sudga yolg‘on va asossiz ma’lumotlar taqdim qilib, bir shaxsning hayotini barbod qilishadi? Nega bunday tergovchilar oddiygina xususiy ajrim bilan qutilib qolishyapti? Ularga nisbatan ta’sirli jazo chorasi ko‘rilmasligi kelajakda yana bir odam yolg‘on ayblov qurboni bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?
O‘zbekiston Respublikasi Sudlar to‘g‘risidagi Qonununing 64-moddasida sudyaning qasamyodi keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Sudyalar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishiga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchi va vijdoni buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishiga tantanali qasamyod qilashadi. Sudyalar sudlanuvchining ustidan hukm chiqarishda u qaysidir mansabdor shaxsning “dumini” bosganiga emas, balki haqiqatni qaror toptirish, ishni vijdonan hal qilish va o‘zining qasamyodiga sodiq qolishga e’tibor qaratishi lozim.
Yuqorida ko‘rilgan uchta jinoyat bo‘yicha tayinlangan jazolarni taqqoslab, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning quyidagi she’ri qanchalik haqiqat ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Egil, o‘zni pana qil,
Borligingni bildirma.
Yo‘talganga o‘n besh yil,
Aksirganga yigirma.
Kar bo‘l, ko‘r bo‘l, tishla til,
Boshga balo keltirma.
Gapirganga o‘n besh yil,
Eshitganga yigirma.
Qalamingni dushman bil,
Qog‘oz uzra jildirma,
Roman yozsang - o‘n besh yil,
Doston yozsang - yigirma...
LiveBarchasi