Bloger Otabek Sattoriy 6,5 yilga qamaldi
Jamiyat
−
10 may 2021
17842Bugun, 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriy (1980 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Otabek Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Norbayevani haqorat qilgani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Ko‘charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilgani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli oqlangan.
Qayd etilishicha, Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi jazolarni (qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 1 dona “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. To‘rayevga, 1 dona “Redmi 5+” rusumli uyali telefon apparati va 1 dona “Zotac” rusumli kompyuter protsessori qonuniy egasi sudlanuvchi Otabek Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.
Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020 yil 2 iyul kuni KSH 032769 SV sonli reyestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MCHJ rahbari T. Shapulatov bilan Otabek Sattoriy o‘rtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati Termiz shahri “Ma’rifat” mahallasi, Istiqlol ko‘chasi, 6-uyda joylashgan 42-raqamli kvartirani Otabek Sattoriyga sotgani bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilgan.
“Termiz Eko Ekspress loyiha” MCHJ rahbari T. Shapulatovdan sudlanuvchi Otabek Sattoriy foydasiga jami 234 million 835 ming so‘m undirilishi belgilangan.
Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan taraflarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma’naviy zararni undirish masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi hamda sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirilgan.
LiveBarchasi