DXX rahbariyatidagi o‘zgarishlar rasman tasdiqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Azizov ishdan olingani, uning o‘rniga mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgan Bahodir Qurbonov tayinlangani xabar qilingandi. Davlat xavfsizlik xizmati buni tasdiqladi.

Bildirilishicha, 2019 yil fevral oyidan boshlab DXX rahbari lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Azizov Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashiga tayinlangan.

DXXning yangi rahbarini tayinlanishi marosimida Abdusalom Azizovning davlat xavfsizligi tizimining rivojiga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, yangi tayinlangan DXX raisi Bahodir Qurbonov general-leytenant Azizovning xavfsizlik tizimining yangilanishi va yangi kadrlarni tarbiyalashdagi mehnatini alohida qayd etgan.

O‘z navbatida, Abdusalom Azizov unga qaysi lavozimda ishlash buyurilmasin, xalq va Prezidentga sodiq qolib ishlashga tayyorligini bildirgan.

"Qayt etish lozim, Abdusalom Azizov O‘zbekiston DXX tizimini shaffoflik va ochiqlik tomon tubdan isloh qilishda shaxsan ishtirok etdi", deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Abdusalom Abdumavlonovich Azizov 1960 yilning 20 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan.  2003-2006 yillarda “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi, 2006-2008 yillarda “O‘zbekneftmahsulot” AK bosh direktori, 2005 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2008 yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2008 yil dekabrdan 2009 yil dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, shu bilan birga O‘zbekiston futbol federatsiyasining vitse-prezidenti, 2009 yildan 2017 yilgacha Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yil yanvardan sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, 2017 yil sentyabrdan 2019 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan.  U 2017 yilda general-mayor, 2019 yilda general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlangan. 

Bahodir Qurbonov esa 1969 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1990 yilda O‘zbekiston IIV Oliy tergov maktabiga, 1992 yilda esa O‘zbekiston IIV Oliy maktabiga o‘qishga qabul qilingan. 1994-1996 yillarda Jizzax IIO tergov bo‘limida avval tergovchi, so‘ngra katta tergovchi bo‘lib ishlagan. 1996 yilda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limining Noqonuniy valyuta operatsiyalariga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimi, 1997-1998 yillarda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 1-bo‘limi tezkor xodimi, 1998 yilda 2-bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tayinlangan. 1999 yilda ushbu bo‘limning 3-bo‘limi katta tergovchisi, shuningdek, Jizzax tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi lavozimlarida ishlagan. Shu yili viloyat IIB Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 3-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bundan tashqari, Jizzax viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2002 yilda Jizzax tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2005 yilda G‘allaorol tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga o‘tgan. 2008 yilda Ichki ishlar vazirligi Patrul xizmati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shu yili Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2013 yil 24 dekabrdan 2015 yil 27 dekabrgacha Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2015 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2017 yil 14 yanvarda unga general-mayor unvoni berilgan. 2018 yil 12 fevraldan 2019 yil 11 fevralgacha Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni lavozimida ishlagan. U 2019 yil 11 fevralidan beri Mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdusalom Azizov DXX Bahodir Qurbonov Davlat xavfsizlik xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing