“Saroy javohiri” serialidagi Tangem ukrainaliklarga 100 million von xayriya qildi

Olam

image

Kecha, 1 mart kuni “Saroy javohiri” serialidagi Tangem obrazi bilan ko‘pchilikka qadrdon bo‘lib qolgan koreyalik mashhur aktrisa Li Yong E Ukraina xalqiga yordam berish uchun 100 million von (hozirgi kurs bo‘yicha 83 ming AQSH dollari) xayriya qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Nominal qiymati 100 million bo‘lgan juda katta shaxsiy xayriya chekiga aktrisa samimiy yozilgan maktubni ham ilova qilgan. Unda quyidagilar aytiladi:

“Hurmatli ukrainaliklar, mening ismim Li Yong E, Janubiy Koreyalik aktrisaman. Men urush faxriysi oilasida o‘sganman va shuning uchun harbiy mojarolar dahshatini boshqalarga qaraganda yaxshiroq his qilaman.

Men butun qalbim bilan Ukrainadagi urush tugashini va tinchlik o‘rnatilishini tilayman, barcha ukrainaliklarning xavfsizligi va farovonligi uchun ibodat qilaman. Tinchlik va erkinlikni sevadigan Ukraina fuqarolaridan umid hamda jasoratni yo‘qotmasliklarini so‘rayman!

Ozod Koreyaning ko‘plab tinchliksevar fuqarolari nomidan sizlarga o‘zimning aziz qalbimdan bir parcha yubormoqchiman. Xudo sizni asrasin”, deyiladi maktubda.

Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi hukumati Ukrainaga favqulodda gumanitar yordam sifatida 10 million dollar ajratgan va kelajakda qo‘shimcha yordam ko‘rsatishga tayyor. Bundan tashqari, hukumat Koreyadagi barcha ukrainaliklarga o‘z vatanlaridagi vaziyat barqarorlashguncha mamlakatda qolishiga ruxsat bergan. Ayni vaqtda 4 mingga yaqin ukrainalik qochqin Koreyada jon saqlayapti.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

59

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing