Sanksiyalardan qo‘rqqan Xitoy kompaniyasi AQSH, Britaniya va Kanadani tark etmoqchi – OAV

Olam

image

Xitoyning CNOOC neft kompaniyasi G‘arb davlatlari o‘z aktivlarini muzlatib qo‘yishi mumkinligidan qo‘rqib, AQSH, Britaniya va Kanadani tark etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Reuters” manbalariga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoy va G‘arb o‘rtasidagi taranglik uzoq vaqtdan beri davom etmoqda, bunga savdo muammolari va G‘arbning Xitoyning inson huquqlari buzilishidan xavotirlari sabab bo‘lgan. Mazkur vaziyat ayni vaqtdagi geosiyosiy voqealar fonida yanada yomonlashgan.

“CNOOC AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sababli o‘z aktivlari G‘arb sanksiyalariga kiritilishidan qo‘rqib, G‘arb bozorini tark etishga intilmoqda”, deyiladi xabarda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, CNOOC shirkatining Shimoliy dengizdagi, Meksika ko‘rfazidagi konlari va Kanadadagi yirik neft qumlari loyihalaridagi ulushlarini o‘z ichiga olgan aktivlari kuniga 220 000 barrel neft ekvivalentini ishlab chiqaradi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya Lotin Amerikasi va Afrikada yangi aktivlarni sotib olishni, Braziliya, Gayana va Ugandadagi yangi yirik konlarni o‘zlashtirishga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Qayd etish kerak, 12 aprel kuni kompaniya Shanxay fond birjasida qayta ro‘yxatdan o‘tdi. CNOOC'ning sof foydasi 2021 yilda qariyb uch baravarga oshib, 11 milliard dollarga yetdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing