Sandu Moldovadagi Rossiya harbiylarini chiqarish niyatida

Olam

image
Moldovaning yangi Prezidenti Putin bilan suhbatlashishni xohlayapti north_east

Moldovaning yangi Prezidenti Putin bilan suhbatlashishni xohlayapti

Moldovaning saylangan Prezidenti Mayya Sandu 28 yildan beri mamlakat hududida bo‘lib turgan Rossiya tinchlikparvar kuchlarini uyiga qaytarish niyatida ekanini ma’lum qildi. U Pridnestrovya bilan bog‘liq mojaro yechimi rus askarlarining mintaqadan butkul chiqishini o‘z ichiga olishi kerakligini qat’iy ta’kidlamoqda.

“Men Moldovaning federallashuviga qarshiman, Dodon [Moldovaning amaldagi Prezidenti] va uning partiyasi taklif qilgan variantni qo‘llab-quvvatlamayman. Ular aniq taklif bermadi, ammo federalizatsiya haqida gapirdi. Ishonchim komilki, biz muammoni yechish shaklini topamiz. U Rossiya harbiylari Moldova hududidan to‘liq chiqishini o‘z ichiga olishi kerak. Biz bu haqda doim aytganmiz va bundan keyin ham aytishda davom etamiz”, degan Sandu Ukrainaning “Yevropeyskaya pravda” nashriga bergan intervyusida.

Siyosatchi muammoni yechish yo‘li hali topilmaganini qo‘shima qilgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya tinchlikparvar kuchlari 1992 yil 29 iyulda Pridnestrovya rahbari ishtirokida Rossiya Federatsiyasi va Moldova Prezidentlari tomonidan 1992 yil 21 iyulda imzolangan Moldova Pridnestrovya mintaqasidagi qurolli mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish prinsiplari to‘g‘risidagi bitimga muvofiq kiritilgan. Ayni paytda Rossiya tinchlikparvar kuchlari Dnestr bo‘yidagi xavfsizlik zonasini Moldovaning “ko‘k kaskalilar” guruhi, Pridnestrovya va Ukrainaning bir guruh harbiy kuzatuvchilari bilan birga qo‘riqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabr kuni Moldovada prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Saylovning ikkinchi turi natijasiga ko‘ra, g‘arb bilan yaqinlashuv tarafdori bo‘lgan Mayya Sandu g‘olib bo‘ldi.

Mayya Sandu kim?

Mayya Sandu 1972 yilda Moldova shimolidagi “Risipen” qishlog‘ida tug‘ilgan. Iqtisodiy ta’lim akademiyasini va Moldova Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini hamda Garvard instituti qoshidagi davlat boshqaruvi maktabini tamomlagan. U Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan. Vashingtondagi Jahon banki Ijrochi direktorining maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Rumin, ingliz, rus va ispan tillarida bemalol muloqot qila oladi.

Sandu AQSHdan Moldovaga qaytib kelgach, 2012 yilda “Vlad Filat” hukumatida ta’lim vaziri lavozimini egallash taklifini olgan. Ushbu lavozimda u ta’lim sohasidagi qattiq islohotlar bilan keng tanilgan. Moldovada millatlararo muloqot tili maqomiga ega bo‘lgan rus tili Sandu davrida maktablarda majburiy emas qilib qo‘yilgan. Bugungi kunda Sandu xarajatlarni optimallashtirish maqsadida ko‘plab qishloq maktablarini yopgan va bu ko‘pchilikni bo‘sh qoldirgani uchun tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

2016 yilgi prezidentlik saylovlarida Sandu Yevropaparast kuchlarning yagona nomzodiga aylandi. Ammo u ikkinchi bosqichda qadar Dodonga 4 foiz farq bilan yutqazgan. 2019 yil iyun oyida Bosh vazir lavozimini egallagan Sandu korrupsiyani yengish, Yevropaga integratsiya siyosatini olib borish va Rossiya bilan konstruktiv munosabatlarni davom ettirishga va’da berdi. Biroq, taklifnomaga qaramay, u Moskvaga tashrif buyurmagan. 

2020 yilda Sanduning partiyasi uni prezidentlik saylovida qaytadan nomzod qilib ko‘rsatdi. Ularning fikricha, parlamentni tozalash uchun murosasiz odamlarni sudya etib tayinlamaydigan, jamiyatni birlashtirib, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan, odamlarni hurmat qiladigan halol Prezident zarur.

Sandu saylovchilarining aksariyati uning Prezident etib saylanganidan keyin mamlakatda hayot yaxshilanadi, degan umidda. Ammo bu chigal masala. Moldova parlamentli respublika bo‘lib, Prezident deyarli barcha qarorlarini parlament a’zolari bilan kelishib hal qiladi. Parlamentda Sandu tarafdorlari hal qiluvchi darajada ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Hukumatni shakllantirish, shuningdek, e’tiroz bildiruvchi qonun chiqaruvchi organni tarqatib yuborish unga oson bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Mayya Sandu

Baholaganlar

157

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing