Sandu Moldovaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi

Olam

image

Moldova Prezidenti Mayya Sandu ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilib, fuqarolar respublikaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishi uchun referendum o‘tkazish tashabbusini parlamentda ilgari surdi. Bu haqda Prezident ma’muriyati matbuot xizmati ma’lum qildi.


“Uch yildan so‘ng davlat rahbari yangi mandat uchun o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qildi va parlamentdan Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha fuqarolar ishtirokida referendum o‘tkazishni so‘radi”, deyiladi matbuot xizmati bayonotida.


Qo‘shimcha qilinishicha, Prezident parlamentdan kelasi kuzda fuqarolarning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan referendum o‘tkazishda tashabbus ko‘rsatishini so‘ragan.

“Bizda hali muhim qadamlar bor va agar siz menga 2024 yilda yangi mandat berilishiga ishonch bildirsangiz, davom etishga tayyorman”, degan Sandu.

Qayd etish joizki, 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqining bo‘lajak a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilingandi.

Shuningdek, 2022 yil iyun oyida YeI Ukraina va Moldovaga ittifoqqa nomzod davlat maqomini berib, a’zolik muzokaralarini rasmiy boshlash uchun bir qator qat’iy shartlar qo‘ygan. 

“Nomzod davlat maqomi, shuningdek, muzokaralar boshlanishi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirishini anglatmaydi, bu qadamlar Bryusselni hech narsaga majburlamaydi. Nomzod maqomini olish Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lidagi ancha uzoq yo‘lning boshlanishi xolos”, deyilgan xabarda.

Ta’kidlash kerakki, Turkiya 1999 yilda Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza bergan va nomzod maqomida qolgan. 2005 yilda boshlangan qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar esa 2016 yil oxiridan boshlab to‘xtatilgan. Shimoliy Makedoniya esa 2005 yildan, Chernogoriya 2010 yildan va Serbiya 2012 yildan a’zolikka qabul qilingan. Xorvatiya esa 2013 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan oxirgi davlat bo‘ldi va bu jarayon 10 yil davom etgan.

Ma’lumot uchun, Mayya Sandu 2020 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida Prezident bo‘lgan va o‘sha yilning dekabr oyi oxirida o‘z lavozimiga kirishgan.  Moldovada prezidentlik saylovlari 2024 yilda, parlament saylovlari esa 2025 yil iyuliga belgilangan.


Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy boshida Rossiya YeIga intilayotgan Moldovani ogohlantirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Moldova Mayya Sandu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing