Moldova Bosh vaziri iste’foga chiqdi

Olam

image

Bugun, 3 iyul kuni Moldova Bosh vaziri Aleksandr Muntyan kutilmagan tarzda iste’foga chiqdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifachida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu qaror mamlakat hukumatining ham iste’foga chiqishiga sabab bo‘ladi. 2025 yil noyabridan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga nomzod mamlakat hukumatiga rahbarlik qilib kelgan Muntyan ushbu qarori sabablarini to‘liq izohlamagan.

Bu voqea Yevropaning eng qashshoq mamlakatlaridan biri hisoblangan Moldovada davlatning havo harakati xavfsizligi agentligi “MoldATSA” hamda boshqa davlat kompaniyalarida yuqori maoshlar to‘lanayotgani haqidagi so‘nggi OAV xabarlari ortidan jamoatchilik noroziligi kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi.

“Bugun mening Bosh vazir sifatidagi vakolat muddatim yakunlanadi. Vakolatlarimni endi o‘z tamoyillarim va e’tiqodlarimga muvofiq bajara olmasligimni anglagan zahotim iste’foga chiqishga qaror qildim”, deb yozgan Muntyan.

Ma’lumotlarga qaraganda, bu qaror Prezident Mayya Sandu va hokimiyatda ikkinchi muddatida ishlayotgan Yevropa tarafdori bo‘lgan “Harakat va birdamlik” (PAS) partiyasi uchun jiddiy sinov sifatida baholangan.

“Moldovada boshqaruv inqirozi kuchayib bormoqda”, degan siyosiy tahlilchi Vitaliy Andriyevskiy.

Prezident Sandu jurnalistlarga Muntyan yangi bosh vazir tayinlanguniga qadar o‘z lavozimida qolishini bildirgan. Uning aytishicha, kelasi hafta parlamentdagi fraksiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan keyin bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatiladi.

Sandu Muntyan va uning hukumatiga xizmatlari hamda “qiyin, ammo zarur islohotlar”ni boshlagani uchun minnatdorlik bildirgan.

“Moldovaning yo‘li o‘zgarmaydi: islohotlar va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Prezident, shuningdek, Muntyan qonunbuzarliklarga qarshi kurashmoqchi bo‘lgani, ammo unga to‘sqinlik qilingani haqidagi gap-so‘zlarni rad etgan.

“U hukumatni o‘zi istagan tarzda boshqarish uchun to‘liq erkinlikka ega edi. Iste’foga chiqish haqidagi qarorni u o‘z xohishi bilan qabul qildi”, degan Sandu.

62 yoshli Muntyan 2025 yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin Bosh vazir etib tayinlangan edi. O‘shanda PAS partiyasi Rossiyaga moyil raqibini ishonchli mag‘lubiyatga uchratib, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lini davom ettirish uchun yangi mandatga ega bo‘lgan.

Bundan avval u qariyb 20 yil davomida Moldovadan tashqarida, jumladan, Jahon bankida faoliyat yuritgan.

“Qaysi lavozimda bo‘lishimdan qat’i nazar, mamlakatimga xizmat qilishda davom etaman”, degan Muntyan.

Ma’lumot uchun, Moldova Ukraina va Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan Ruminiya o‘rtasida joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat aholisining aksariyati rumin tilida, katta qismi esa rus tilida so‘zlashadi. U yerda siyosiy hokimiyat o‘nlab yillar davomida Yevropa bilan yaqinlashuvni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar va Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori bo‘lgan partiyalar o‘rtasida almashib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moldova Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy mamlakat 2027 yil 8 aprelda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tarkibidan rasman chiqishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing