Moldova Prezidentiga COVID-19 tashxisi qo‘yildi
Olam
−
27 avgust
2804Moldova Prezidenti Mayya Sanduga koronavirus (COVID-19)ning yangi turdagi tashxisi qo‘yildi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 26 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.
Prezident Moldova Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnasha olmasligidan afsusda ekanini bildirdi.
“Aziz do‘stlar, aziz fuqarolar. Afsuski, men COVID bilan kasal bo‘lib qoldim va bugun yoki ertaga ommaviy tadbirlarda qatnasha olmayman. Men o‘zimni yaxshi his qilyapman va odatdagidan biroz charchoq sezishdan boshqa hech qanday alomat yo‘q. Xatarlarni yaratmaslik uchun men keyingi bir necha kun ichida izolyatsiyada qolaman”, deydi Sandu.
Davlat rahbari vatandoshlariga “COVID yo‘qolmagani”ni eslatib, infeksiyadan shubhalangan bo‘lsa, tahlildan o‘tishga va shifokorga murojaat qilishga chaqirdi.
Moldova Respublikasining Mustaqillik kunini nishonlashga bag‘ishlangan barcha tadbirlar belgilangan dasturga muvofiq davom etadi.
Poytaxt hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qilishicha, so‘nggi bir hafta ichida COVID-19 bilan kasallanganlar soni 40 foizdan ko‘proqqa oshgan: 87 kishi Kishinyov shifoxonalarida, ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Prezidenti Jo Baydenda ham COVID-19 testi ijobiy chiqqandi. Shuning uchun u Delaverdagi rezidensiyasida izolyatsiyada bo‘ldi.