Dunyoda odamlar o‘rtacha necha yil yashayapti?

Bu qiziq

−

image

2023 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,3 yoshga yetdi va COVID-19 pandemiyasidan oldingi darajaga deyarli qaytdi. Pandemiyadan oldin, 2019 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,4 yoshni tashkil etgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2000 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan yangi global baholashlarida keltirilgan.

Qayd etilishicha, barcha o‘lim sabablari orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning ulushi ortishda davom etmoqda: agar 2000 yilda ularning hissasiga o‘lim holatlarining 58 foizi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 74 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi ko‘rsatkichi sekinroq tiklanmoqda. 2023 yilda u 62,8 yoshni tashkil etgan – bu 2019 yilgi darajadan 0,4 yilga kam degani. Ushbu ko‘rsatkich nafaqat umr ko‘rish davomiyligini, balki salomatlikni cheklaydigan kasalliklar va jarohatlarsiz yashab o‘tilgan yillarni ham hisobga oladi.

Umr ko‘rish davomiyligining oshishi fonida surunkali kasalliklarning roli sezilarli darajada ortgan. Alsgeymer kasalligi va demensiyaning boshqa shakllari 2000 yildagi 19-o‘rindan ko‘tarilib, 2023 yilda ilk bor dunyodagi asosiy o‘lim sabablarining kuchli beshligiga kirgan. Ushbu davr mobaynida demensiya bilan bog‘liq o‘lim holatlari soni uch baravarga ortgan.

Ruhiy buzilishlar bilan bog‘liq vaziyat ham o‘zgarmoqda. 2019 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda depressiv buzilishlar bilan bog‘liq kasalliklar yukining global ko‘rsatkichi taxminan 20 foizga, tashvishli buzilishlar bilan bog‘liq ko‘rsatkich esa qariyb 45 foizga oshgan. Ular birgalikda barvaqt o‘lim va nogironlik sababli 2023 yilda qariyb 110 million yillik sog‘lom hayotning yo‘qotilishiga olib kelgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing