Zelenskiy uchayotgan samolyot dron bilan to‘qnashishiga oz qoldi
Olam
−
09:58 3281 2 daqiqa
Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning samolyoti Moldovadan Osloga uchib ketayotganida dron bilan to‘qnashishiga oz qolganini aytdi. Bu haqda Yonas Gar Styore NRK davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Uning samolyoti Moldovadan uchishi kerak bo‘lgan vaqtda dron bilan to‘qnashishiga oz qolgan. Bu u yashayotgan haqiqat”, degan Styore.
Bosh vazir voqea haqida boshqa tafsilotlarni ma’lum qilmagan. Dron qayerdan uchgani, kimga tegishli ekani va samolyotga qanchalik yaqin kelgani noma’lum.
Norvegiya Bosh vaziri devonxonasi keyinchalik bayonotga aniqlik kiritgan. Unga ko‘ra, Moldova havo hududida dronlar sababli xavf yuzaga kelgan va bu Zelenskiyning Oslo tomon parvozini kechiktirgan.
“Bu u har kuni duch keladigan tahdidlardir. Dronlar uning samolyotiga qanchalik yaqin bo‘lganini bilmaymiz“, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, hodisa tasodifiy bo‘lganmi yoki Zelenskiyga qasddan hujum qilishga urinish bo‘lganmi, hozircha noma’lum. Ukraina tomoni esa Styorening bayonotiga izoh bermagan.
Qayd etilishicha, Zelenskiy joriy yilning 8 sentyabr kuni kechqurun Moldovadan Osloga yetib borgan. U Norvegiya qiroli Harald V ning dafn marosimida qatnashish uchun mamlakatga tashrif buyurgan.
Kecha, 9 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Ukrainaning Odessa viloyatida, Moldova chegarasidagi “Starokozache“ xalqaro avtomobil o‘tkazish punktiga hujum qilgan. Zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. NRK ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy Osloga uchib kelgan aeroport ushbu chegara punktidan avtomobilda taxminan ikki soatlik masofada joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moldovadan G‘arb davlatlari ko‘magida Rossiya bilan urushga tayyorlanayotganlikda ayblagan edi.
Live
Barchasi