Sanepidqo‘mita xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
28 iyul 4739 2 daqiqa
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tizimida korrupsiya bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Guliston shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida shifokor yordamchisi M.A. ushlangan. U fuqarolarga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “M.M.” MCHJ tomonidan tayyorlanadigan tayyor ovqat mahsulotiga ijobiy xulosa olib berishi mumkinligini aytgan va buning evaziga 300 AQSH dollari hamda 1,2 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, departamentning Toyloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toyloq tuman bo‘limi sanitar vrachi F.B. ham ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u YATT “S.E.”ga tegishli non mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga sanitar-gigiyenik xulosa rasmiylashtirib berish uchun 9 mln so‘m talab qilgan. U kelishilgan puldan 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan. Tekshiruvlar davomida mazkur shaxs avvalroq ham 100 AQSH dollari va 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Bundan tashqari, departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi G‘.A. ushlangan. U fuqaro B.D.ga Urganch shahrida umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berish, shuningdek, 6 oy davomida jarima qo‘llamaslikni va’da qilib, 2,4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Namangan viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi A.S. ushlangan. U fuqaro M.O. nomiga shahar hududida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochish uchun ijobiy xulosa olib berish evaziga 1,2 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 25, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida gaz ta’minoti bo‘limi xodimlarining yirik miqdorda pul talab qilgani fosh etilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi