Keltirilgan zararni kamaytirish evaziga pora olgan gaz xodimlari ushlandi
3-sahifa
−
28 iyul 2472 1 daqiqa
Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida gaz ta’minoti bo‘limi xodimlarining yirik miqdorda pul talab qilgani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Aniqlanishicha, “Hazorasptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari M.M. va muqaddam sudlangan E.B. o‘zaro til biriktirib, fuqaro O.I. dan 2 500 AQSH dollari talab qilgan. Ular mazkur mablag‘ evaziga tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha hisoblangan 309 million so‘mlik zarar miqdorini kamaytirib berishni va’da qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar kelishilgan mablag‘ning 1 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan. Tergov davomida ushbu mablag‘ hisobidan 4,8 million so‘m protsessual tartibda qaytarilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Respublikaning 3 ta hududida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi