Samarqandga uchayotgan samolyot zudlik bilan Moskvaga qo‘ndi

Olam

image

Bugun, 7 yanvar kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Samarqandga uchayotgan Boeing 737 samolyoti nosozlik tufayli Moskva shahrining Vnukovo aeroportiga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda UTAir kompaniyasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bortda 173 yo‘lovchi bilan Sankt-Peterburgdan Samarqandga yo‘l olgan Boeing 737 samolyoti stabilizator nosozligi sababli Moskvaning Vnukovo aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Ekipaj a’zolari samolyotda texnik nosozlik aniqlagan. Bildirilishicha, mutaxassislar uni ko‘zdan kechirib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etgandan so‘ng samolyot parvozni davom ettiradi.

“Flightradar” portali ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot Vnukovoga qo‘ngunga qadar Vereya shahri yaqinida bir necha marta aylangan.

Oxirgi kunlarda halokatga uchragan samolyotlar

29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.

Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.

Shuningdek, Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.  Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas.

Bundan tashqari, o‘sha kuni KLM Royal Dutch Airlines  aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.

30 dekabr kuni esa Germaniyaning Shtutgart shahrida to‘rt o‘rindiqli Cessna C-172 samolyotining qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi. Uchuvchi yengil tan jarohati olgan, 70 yoshli yo‘lovchi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Moskva samolyoti Boeing 737 favqulodda qo'ndi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing