Samarqandda o‘quvchini urgan maktab xodimasi ishdan haydaldi (video)
3-sahifa
−
14 Oktabr 22079 2 daqiqa
Avvalroq, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi 71-o‘rta ta’lim maktabida maktab xodimasi boshlang‘ich sinf o‘quvchisini urgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat ortidan o‘quvchiga qo‘l ko‘targan xodima ishdan olindi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning 6 oktyabr kuni soat 09:30 lar atrofida sodir bo‘lgan. Maktabning kadrlar bo‘yicha menejeri bo‘lib ishlovchi Q.S.ning oldiga tanaffus vaqtida 3-A sinfda o‘quvchi farzandi Q.I. kelib, uni sinfdoshi R.F. urganini aytgan. Mazkur holatdan so‘ng ona farzandi bilan janjallashgan o‘quvchining sinfiga borib, unga qo‘l ko‘targan.
Joriy yilning 7 oktyabr kuni holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olinib, jabrlanuvchi o‘quvchi R.F.ni tan jarohati olgan yoki olmagani yuzasidan sudga oid ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Ayni paytda holat sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.
Bildirilishicha, ushbu holat ortidan Q.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, xodimning ichki odob-axloq qoidalariga rioya qilishini nazoratga olmagani uchun maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.A.ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Esaltib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 7-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi 3-sinf o‘quvchilarining peshonasi va yuziga “ikki” baho qo‘yib tashlagani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi olgan edi.