Salimboydan yordam so‘rab xat yozgan deputat o‘z oyog‘i bilan tergovga keldi

3-sahifa

image

O‘zbekistonlik Salim Abduvaliyevdan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishini so‘rab xat yo‘llagan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Emil Jamg‘irchiyev so‘roqqa keldi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar bermoqda. 

Maxsus xizmatlarning eslatishicha, 10 yanvar kuni Jogorku Kenesh deputatni Qirg‘iziston Respublikasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani uchun jinoiy javobgarlikka tortishga rozi bo‘lgan. Shu kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyev o‘z ixtiyori bilan tergov organlariga kelsa, hibsga olinmasligini ma’lum qilgan. 

“Bundan tashqari, 2024 yil 12 yanvar kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi parlament spikeri va “Alyans” parlament fraksiyasi rahbariga Jamg‘irchiyevning tergov harakatlarida ishtirok etishini ta’minlashda ko‘maklashish hamda uni hibsga olish masalasi kun tartibida yo‘qligi haqida ma’lumot berishni so‘rab murojaat yo‘lladi. O‘sha kuni Emil Jamg‘irchiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida advokati ishtirokida gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilingan. Shuningdek, boshqa tergov harakatlari olib borilgan, tergov organlariga kelish majburiyati olib tashlangan va ozod qilingan”, deyiladi xabarda. 

Deputat Emil Jamg‘irchiyev tomonidan davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holati bo‘yicha tergov ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, yaqin kunlarda belgilangan tartibda yakunlanib, mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun adliya organlariga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. U 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan. Shuningdek, u “Salimboy”ga Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishini so‘rab, xat ham yozgan. 

10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.

“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.

Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.

“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.

Ammo unga javoban Abduvaliyev Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan.

Deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan va qaytib kelmagan.

O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Salim Abduvaliev Emil Jamg'irchiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made