“Saxovat” jamg‘armasi raisi migrantlar uchun soliq joriy qilingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidentining qaroriga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotganlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tenglashtirilishi haqida xabar bergan edik.

Shundan so‘ng, bu xabar noto‘g‘ri talqin qilinganligi sababli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Rossiyadagi “Saxovat” jamg‘armasi raisi Bahrom Ismoilov mehnat migrantlari uchun soliq joriy qilinayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan bu xabar, ochig‘i, hayron qoldirdi. Chunki qarorda bunday deyilmagan. Aniqlasak, bu xabar “feyk” bo‘lib chiqdi.

Aslida, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz O‘zbekistonning ish stajini olish uchun imkoniyat yaratib berilmoqda. Siz, o‘z xohishingiz bilan bir yil ichida 10 dollar miqdorida pul to‘lasangiz, Rossiya, Qozog‘iston yoki Koreyada ishlab kelayotganingiz O‘zbekistonda ish staji sifatida yoziladi. Shundan so‘ng, pensiya yoshiga chiqsangiz, pensiya olishga haqli bo‘lasiz. Bu yangilik bor.

Ammo qandaydir yangi soliq chiqarilgani haqida hech qanday gap yo‘q. Biz hozir Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan faqat yaxshilik ko‘ryapmiz. Chunki siyosat o‘zgargan.  Shu sabab bunday xabarlarga munosabat bildirishdan avval vazirlik va idoralarning rasmiy saytiga murojaat qilib, ana undan keyin xulosa qilishingizni so‘rab qolaman”, dedi Bahrom Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Davlat soliq qo‘mitasi migrantlar uchun soliq joriy qilinganini inkor qilgan edi.

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi mehnat migrantlari uchun soliq joriy qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida ma’lum qilgan edik.


Maqola muallifi

Teglar

soliq migratsiya

Baholaganlar

26

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing