Saidov Ukraina TIV rahbari bilan nimalarni muhokama qildi?

Olam

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri (TIV) Baxtiyor Saidov BMT Bosh Assambleyasi doirasida Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga bilan uchrashdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram sahifasida yozib qoldirdi.

Saidovga ko‘ra, suhbat davomida savdo, investitsiya, ta’lim va madaniy hamkorlik kabi ikki tomonlama munosabatlardagi dolzarb masalalar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalarning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan.

“Uchrashuvimiz O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish, sheriklikni mustahkamlash hamda xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochish borasidagi qat’iy intilishimizni tasdiqladi”, deyiladi O‘zbekiston TIV rahbarining xabarida.

Sibiga ham o‘zining X sahifasida uchrashuvni tasdiqlab, do‘stona muloqot bo‘lib o‘tganini ta’kidlagan.

“Siyosiy muloqotni qayta tiklash, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldik. Ukraina O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash tarafdori”, deya post qoldirgan Sibiga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Kiyev viloyati hududidagi issiqxonalardan birida 13 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining og‘ir axvolda “qul” sifatida ishlatilayotgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatning TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov Andrey Sibiga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing