Mers kutilmaganda Kiyevga bordi

Olam

−

image

Bugun, 4 oktyabr ertalab Germaniya kansleri Fridrix Mers maxsus poyezdda Kiyevga bordi. Ushbu tashrif haqida oldindan e’lon qilinmagan edi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Germaniya yetakchisini Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga kutib olgan. Mers Prezident Vladimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama, Yevropa va xalqaro kun tartibining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

“Men bugun Kiyevga keldim, chunki yaqin haftalarda Ukrainaga bizning qo‘llab-quvvatlashimiz kerak bo‘ladi. Agar Rossiya to‘xtatilmasa, ertami-kechmi uning harbiy mashinasi bizga qarshi qaratiladi”, deydi Mers.

Shuningdek, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “shaharlarni, turarjoylarni va issiqlik elektr stansiyalarini bombardimon qilayotganini” aytgan.

U bilan birga Kiyevga Germaniya Iqtisodiyot va energetika vaziri Katerina Rayxe hamda o‘nta tadbirkor, jumladan, Siemens Energy, Hensoldt, Diehl Defence va Quantum Systems mudofaa kompaniyalari rahbarlari borgan. Rejaga ko‘ra, Germaniya birinchi navbatda Ukrainaga reaktiv dronlardan himoyalanishga yordam beradi. “dpa”ning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, Mers tez orada “minglab” tutuvchi dronlar yetkazib berilishini e’lon qiladi.

Shu bilan birga, Ukraina 1000 kmdan ortiq masofadagi Rossiya frontorti ta’minot tizimlariga zarba berishi mumkin bo‘lgan uzoq masofali qurollar ishlab chiqarishni ko‘paytirishi rejalashtirilgan. Buning uchun ajratib bo‘lingan byudjet mablag‘laridan 1 milliard yevro yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Yana 350 million yevro vayron qilingan elektr stansiyalarini qayta tiklashga mo‘ljallangan. Mersning fikricha, Rossiya faqat “kuch tili”ni tushunadi, shu sababli u Zelenskiyga Ukraina Germaniyaning yordamiga bundan buyon ham umid qilishi mumkinligini shaxsan aytishga qaror qilgan.

Ma’lumot uchun, Mers uchun bu kansler sifatida Kiyevga uchinchi tashrif. U ilk bor Ukraina poytaxtiga 2025 yilda qasamyod qabul qilganidan bor-yo‘g‘i to‘rt kun o‘tib borgan edi. Ikkinchi tashrif 2025 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan. Ikkala safarda ham Mers Ukrainaga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniyaning o‘shandagi bosh vaziri Kir Starmer va Polsha hukumati rahbari Donald Tusk bilan birga tashrif buyurgan edi.

Qayd etish joiz, ushbu tashrif Rossiya Mudofaa vazirligi xorijiy diplomatlar va fuqarolarni yangi ommaviy zarbalar qurboni bo‘lmaslik uchun Kiyevni tark etishga chaqirgan kunning ertasiga amalga oshirildi. So‘nggi haftalarda Ukraina poytaxti deyarli to‘xtovsiz hujumlarga uchramoqda. Bugun, 4 oktyabr kuni Rossiya harbiylari Shimoliy ko‘prikka zarba berishda davom etdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy “Reuters”ga bergan intervyusida Ukraina armiyasi Rossiya armiyasining yangi taktikasiga javoban Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga beriladigan zarbalarni kuchaytirishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing