Saida Mirziyoyeva “Arqadag‘”ning qiziga Samarqanddagi bebaho boyliklarni ko‘rsatdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi Oguljahon Otaboyeva bilan Samarqand shahrini sayr qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Oguljahon Gurbanguliyevna bilan birga Samarqandning diqqatga sazovor joylari – Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va afsonaviy Registon maydonini ziyorat qildik. Ayniqsa, qadimiy hunarmandchilik  asrab-avaylab kelinayotgan Konigil turizm qishlog‘i chuqur taassurot qoldirdi”, deb yozdi u o‘z postida.

Shuningdek, Mirziyoyeva Samarqand nafaqat O‘zbekistonning durdonasi, balki butun mintaqaning muhim madaniy markazi ekanini, u yerda Markaziy Osiyo xalqlarining tarixi, san’ati va ma’naviy merosi o‘zaro uyg‘un ekanini qayd etgan.

“Aziz mehmonimiz bilan bu bebaho boylikni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish nihoyatda muhim ekanini ta’kidladik”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23 aprel kuni tashrif bilan Samarqandga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Bugun, 24 aprel kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Samarqandda “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini qabul qilib olgani bilan tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Saida Mirziyoeva Oguljahon Otaboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing