Saakashvili Gruziyada davlat to‘ntarishini rejalashtirayotgani aytildi 

Olam

image

Gruziyada sobiq Prezident Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilar davlat muassasalari binolarini to‘sib qo‘yishni rejalashtirmoqda. To‘ntarishga Gruziyaning qamoqdagi sobiq rahbari boshchilik qilmoqda. Bu haqda Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati vakili Bacha Mgeladze ma’lum qildi.  

“Joriy yilning 6 noyabridan boshlab Rustavidagi 12-sonli jazoni ijro etish muassasasi yaqinidagi ayrim siyosiy guruhlar doimiy aksiyalar o‘tkazishni o‘ylab topdi. Bu yerga viloyatlardan partiyalarning tarafdorlari ham keladi. Bundan tashqari, Tbilisi shahrida norozilik aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, aksiya tashkilotchilari davlat muassasalari binolarini to‘sib qo‘yishni rejalashtirgan. Hokimiyatni zo‘ravonlik bilan ag‘darish maqsadida bo‘lgan bu harakatlar mahkum Mixail Saakashvili tomonidan rejalashtirilgan”, deydi Mgeladze. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni sobiq Prezidentning minglab tarafdorlari “Mishaga ozodlik” hayqirig‘i ostida Gruziya poytaxti Tbilisi markazida namoyishga chiqqandi. 

Ta’kidlash kerakki, Gruziyaning hozirgi darajasiga chiqishida possovet hududidagi eng kuchli reformator hisoblangan Mixail Saakashvilining xizmatlari katta. Biroq dadil islohotlar hamda korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashning ortidan “Misha” o‘ziga yarasha dushman ham orttirishga ulgurgan va aynan ular bugun sobiq Prezidentning ozod qilinishiga qarshi miting o‘tkazdi.

Ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida vatani – Gruziyaga qaytdi va oktyabr oyi boshida hibsga olindi. Unga nisbatan o‘z vatanida bir necha moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qidiruvga berilgani sabab qo‘lga olingan.

O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarosi o‘zga yurtda hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:

  • Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
  • o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Saakashvili

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing