ISHIDni moliyalashtirishda gumonlangan o‘zbekistonlik AQSHga topshirildi

3-sahifa

−

image

O‘zbekiston fuqarosi va keyinchalik AQSH fuqaroligini olgan Dovud Ansoriy terrorchilik tashkilotlariga moddiy yordam ko‘rsatishda ayblanib, Gruziyada qo‘lga olindi hamda AQSHga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kozimjon G‘ofurov va Kozim nomlari bilan ham tanilgan Ansoriy joriy yilning 23 sentyabr kuni Gruziyaning Tbilisi shahridagi qamoqdan AQSHga olib borilgan va endi Bruklindagi federal sudda sud oldi eshituvida ishtirok etishi kutilmoqda.

Bildirilishicha, unga “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISHID) hamda “An-Nusra fronti”ga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha til biriktirish va moddiy yordam berishga oid ikki ayblov qo‘yilgan. Mazkur tashkilotlar ayblovda ko‘rsatilgan davrda AQSH tomonidan xorijiy terrorchilik tashkilotlari sifatida belgilangan.

AQSH Adliya vazirligining Milliy xavfsizlik bo‘yicha Bosh prokuror yordamchisi Jon Ayzenberg Ansoriy “o‘n yil davomida qochib yurganidan keyin” AQSHga qaytarilganini aytgan.

“Ayblovda ta’kidlanganidek, Ansoriy pul to‘plagan, safarlarni tashkil qilgan va xorijiy terrorchilik tashkilotlari safida jang qilishni istagan shaxslarga yo‘l ochib bergan tarmoqni boshqargan”, degan u.

Nyu-York Sharqiy okrugi AQSH prokurori Jozef Nosella Ansoriy 10 yildan ortiq vaqt avval og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlikdan qochish maqsadida AQSHni tark etganini bildirgan.

“Ayblovlarga ko‘ra, u xorijiy jangchilarni jihod olib borish uchun safarga chiqishini moliyalashtirishga qaratilgan keng tarmoqqa yordam bergan”, degan Nosella.

Federal qidiruv byurosining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori yordamchisi Jarod Braun esa Ansoriy ikki xorijiy terrorchilik tashkilotiga yordam berish uchun mablag‘ to‘plaganini bildirgan.

“Yillar o‘tishi va geografik masofa FQBni to‘xtatmaydi. Biz xorijiy terrorchilik tashkilotlariga yordam bergan shaxslarni topamiz va adolat qaror topishi uchun hamkorlarimiz bilan ishlaymiz”, degan Braun.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Ansoriy asosan Nyu-Yorkning Bruklin hududida yashagan radikallashgan shaxslar guruhiga rahbarlik qilgan. Ular Suriyaga borib, ISHID yoki “An-Nusra fronti” safida jang qilishni rejalashtirgan yoki bunday shaxslarning safarlarini moliyalashtirgan.

Ma’lum qilinishicha, tergov davomida Suriyaga xorijiy terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilib, jang qilish uchun bormoqchi bo‘lgan shaxslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng tarmoq aniqlangan.

Tarmoq ishtirokchilari guruhni o‘zbek tilida choyxona ma’nosini anglatuvchi “chayxona” deb atagan. Guruh nafaqat jang qilish uchun Suriyaga ketayotgan shaxslarni, balki ular ortida qolgan oilalarni ham qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ to‘plagan. Shuningdek, janglarda halok bo‘lgan shaxslarning beva qolgan xotinlari va oilalariga yordam ko‘rsatilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, “choyxona” yig‘imlari orqali Ansoriy va boshqalar 2013 yilda kamida uch kishining Suriyaga borishini moliyalashtirgan. Ularning uchalasi ham Suriyada halok bo‘lgan, deb hisoblanadi.

Manbaga ko‘ra, Ansoriy 2016 yil may oyida AQSHdan Turkiyaga bir tomonlama aviachipta bilan jo‘nab ketgan. U chiptani safaridan bir kun avval sotib olgan. Bu uning sheriklaridan biri 2016 yil 11 may kuni hibsga olinganidan besh kun o‘tib sodir bo‘lgan.

Shundan beri Ansoriy qidiruvda bo‘lib kelgan. Bruklindagi federal katta sudyalar hay’ati unga qarshi ayblov xulosasini 2021 yil noyabr oyida chiqargan.

Ansoriy 2026 yil avgust oyida Gruziyada hibsga olingan. AQSH Adliya vazirligining Xalqaro ishlar boshqarmasi, FQBning Tbilisidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bo‘yicha attashesi va Gruziya prokuraturasi uni hibsga olish hamda AQSHga ekstraditsiya qilish jarayonida ishtirok etgan. Tergovni FQB Nyu-York politsiya boshqarmasi, Nyu-York shtati politsiyasi, AQSH Bojxona va chegara himoyasi, Port ma’muriyati politsiyasi hamda AQSH Marshallar xizmati ko‘magida olib borgan.

Agar Ansoriy mazkur ish bo‘yicha aybdor deb topilsa, 35 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. AQSH hukumati nomidan ishni Nyu-York Sharqiy okrugi prokuraturasining Milliy xavfsizlik va kiberjinoyatlar bo‘limi yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Ichki ishlar vazirligi Markaziy kriminal politsiya departamenti va Gruziya Bosh prokuraturasi xodimlari AQSH Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlikda xalqaro qidiruvda bo‘lgan AQSH va O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing