Rus askarlari jasadi bilan to‘lgan poyezd tasvirlari OAVda tarqaldi (video)

Olam

image
0:00
0:00
download

Qatarning “Al Jazeera” telekanali Ukrainadagi harbiy harakatlarda halok bo‘lgan rossiyalik askarlarning jasadlari ortilgan muzlatkichli poyezdda suratga olingan reportaj e’lon qildi. Syujet Kiyev viloyatida tasvirga olingan.

Taxminlarga ko‘ra, poyezd vagonida Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan rus askarlarining jasadlari bo‘lgan. Chunki tasvirda Rossiya armiyasining harbiy formasi parchalari aks etgan. Bundan tashqari, Rossiyada ishlab chiqarilgan zirhli nimcha ko‘rsatilgan.

“Al Jazeera” telekanaliga ko‘ra, Rossiya tomoni hozircha harbiylarning jasadlari o‘ziga tegishli ekanini tan olmagan.

Biroz oldin “The Associated Press” agentligi ukrainaliklar o‘lgan rus askarlarining jasadlarini Xarkovdagi muzlatgichga qanday qo‘ygani aks etgan fotosuratlarni chop etgan edi. Jurnalistlarga ko‘ra, muzlatgichda 40 dan ortiq odamning jasadi bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri 26 000 ga yaqin rus askari halok bo‘lgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

542

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing