Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari million kishiga yaqinlashdi – razvedka

Olam

image

Ukrainada jang qilayotgan Rossiya armiyasining yo‘qotishlari 950 ming nafarga (halok bo‘lgan va yaralanganlar) yetdi. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasi xabar berdi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya armiyasi taxminan 160 ming kishini yo‘qotgan.

“Agar bu sur’at saqlanib qolsa, 2025 yil shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar bo‘yicha Rossiya uchun urushdagi eng og‘ir yil bo‘ladi”, deyiladi Britaniya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Britaniya harbiylarining ta’kidlashicha, yuqori darajadagi har kunlik yo‘qotishlarga qaramay, Rossiya bu yil Ukraina hududlarining muhim qismlarini egallashga erisha olmagan. Ukraina Bosh shtabining ma’lumotlariga tayanib, vazirlik aprel oyida Rossiya Qurolli kuchlari o‘rtacha kuniga 1200 kishidan ortiq halok bo‘lgan va yaralanganini, martda esa bu ko‘rsatkich 1300 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.

Bungacha Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) Rossiya armiyasining urush boshidan buyon yo‘qotishlarini 800 ming kishiga baholagan edi. AQSHning Yevropadagi qo‘mondonlik kuchlari rahbari Kristofer Kavolining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har oyda taxminan 30 ming yangi harbiy chaqiruvchini safga qo‘shmoqda. Uning hisobicha, hozirda Ukrainadagi Rossiya harbiy guruhining soni kamida 600 ming nafar askarni tashkil etadi.

“Forbes” nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi hujum sur’ati va yo‘qotishlar saqlanib qolsa, Rossiya armiyasiga hali egallanmagan 490 ming kvadrat kilometr (Ukrainaning 81 foizi) hududni zabt etish uchun 230 yil kerak bo‘ladi. Bu jarayonda esa taxminan 101 million nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi 2022 yilda Ukrainaga boshlangan to‘liq hajmdagi bosqinidan buyon Rossiya armiyasi o‘ldirilgan va yaralanganlarni qo‘shib hisoblaganda qariyb 900 000 kishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina harbiy razvedka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing