Rossiyaning Ukraina sharqidagi harakatlari BMT Nizomini buzadi – Guterrish
Olam
−
24 fevral 2022
7549BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning Ukraina sharqida, Donbassga qo‘shin kiritishi tashkilot Nizomi tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi. Bu haqda tashkilot rahbari BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bu urush ma’nosiz. Bu BMT Nizomi tamoyillariga ziddir”, deydi Guterrish.
Guterrishning qayd etishicha, agar qaror global urushga olib kelsa, nima bo‘lishi haqida bashorat qilish qiyin.
“Ko‘p odamlar o‘lib, uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ladilar va kelajakka umidlarini yo‘qotadilar. Buning oqibatlari bo‘lishi aniq. Va menga bu urushning ma’nosi yo‘qligi aniq. Bu harakat BMT Nizomi tamoyillariga ziddir. Agar urush to‘xtatilmasa, Yevropada katta azob-uqubatlar keltirishi mumkin”, deydi u.
Guterrishning ta’kidlashicha, u shaxsan urushni to‘xtatishga chaqirishi mumkin, ammo nizom bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashi ham bu masala yuzasidan vakolatga ega.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.
LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi