Rossiyaning bir qator hududlari dron hujumiga uchradi
Olam
−
28 dekabr
5639Bugun, 28 dekabr kuni Rossiyaning turli hududlari Ukriana dronlari hujumiga uchradi. Umumiy 56 ta Ukraina droni yo‘q qilingan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkovga ko‘ra, hujum qisman Krasnogvardeysk tumaniga qaratilgan. Oqibatda ikki tinch aholi vakili jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
“Yana bir dron Verxososna qishlog‘iga zarba berdi. Hujum oqibatida elektr uzatish liniyasi zarar ko‘rdi va qishloq vaqtincha elektrsiz qoldi. Favqulodda xizmat brigadalari elektr ta’minotini tiklash bilan shug‘ullanmoqda”, dedi Gladkov.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarga ko‘ra, hududda havo mudofaa tizimlari va radioelektron qarshi kurash vositalari yordamida 17 ta dron yo‘q qilingan.
“Kamensk, Novoshaxtinsk, Rodionovo-Nesvetaysk, Ust-Donetsk, va Krasnosulinsk tumanlari ustidagi hujumlar qaytarildi”, dedi Slyusar.
Dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar yoki vayronagarchiliklar qayd etilmagan.
Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning so‘zlariga ko‘ra, tunda viloyat ustida 28 ta Ukraina droni yo‘q qilingan.
“Viloyatning ayrim hududlarida (Puxovo – Yevdakovo yo‘nalishida) dron qoldiqlari temiryo‘l elektr tarmog‘ini uzib qo‘ygan”, dedi Gusev.
Shu sababdan temiryo‘l qatnovida kechikishlar yuzaga kelgan, biroq ertalabga kelib harakat to‘liq tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning bir qator – Sochi, Qozon, Volgograd va Astraxan aeroportlarida dron hujumi xavfi tufayli vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan edi.
LiveBarchasi