Rossiyani to‘xtating yoki... Zelenskiy BMTga ultimatum qo‘ydi
Olam
−
06 aprel 2022
38738Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasining vahshiyliklari haqida gapirib, tajovuzkorni tinchlikka majburlashga chaqirdi. Bu haqda u BMT Xavfsizlik Kengashidagi nutqi chog‘ida aytib o‘tgan.
Prezidentning fikricha, Rossiya ukrainaliklarni indamas qullarga aylantirmoqchi.
“Agar shunday davom etsa, yakuniy natija shunday bo‘ladiki, har bir davlat o‘z xavfsizligini kafolatlash uchun faqat qurol kuchiga tayanadi, xalqaro huquq va xalqaro institutlarga emas. BMT faqat yopilishi mumkin”, degan u.
Zelenskiyga ko‘ra, agar BMT yopilishga tayyor bo‘lmasa, ular zudlik bilan harakat qilishi kerak. Uning ta’kidlashicha, Rossiya bundan ham oldinroq to‘xtatilishi kerak edi.
“Hozir Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining qarori kerak. Agar siz bu qarorni qanday qabul qilishni bilmasangiz, unda ikkita yo‘l bor: yoki Rossiyani tajovuzkor sifatida chiqarib tashlash, yoki qanday qilib qayta shakllanish va haqiqatda tinchlik uchun ishlashingiz mumkinligini ko‘rsating. Yoki sizning hozirgi formatingizda muqobil bo‘lmasa va chiqish yo‘li bo‘lmasa, keyingi yo‘l faqat o‘z-o‘zini tarqatib yuborish. Ishonchim komilki, siz uchinchi variantsiz ham amallaysiz”, deya xulosa qilgan Prezident.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Buchada rossiyaliklar har turli harbiy jinoyatga qo‘l urgan. U ruslar Ukrainaga xizmat qilganlarning barchasini qidirib, maqsadli ravishda o‘ldirganini eslagan. Odamlar oyoq-qo‘llari kesilgan, zo‘rlangan va bolalar ko‘z o‘ngida o‘ldirilganini qo‘shimcha qilgan.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya davlat darajasida nafratni qo‘llab-quvvatlaydi va uni o‘zining targ‘ibot tizimi va siyosiy korrupsiya yordamida boshqa davlatlarga eksport qilishga harakat qiladi, Afrika va Osiyo davlatlarida ocharchilikka olib kelishi mumkin bo‘lgan global oziq-ovqat inqirozini qo‘zg‘atadi.
“Xo‘sh, BMT Xavfsizlik Kengashi kafolatlashi kerak bo‘lgan xavfsizlik qayerda? U mavjud emas, garchi Xavfsizlik Kengashi bor bo‘lsa-da”, degan u.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, hozir dunyo rus harbiylari Buchada nima qilganini ko‘rgan, biroq ular Ukrainaning boshqa bosib olingan shaharlarida nima qilganini dunyo hali ko‘rmagan. Shu o‘rinda u BMT Nizomining birinchi moddasini eslab o‘tgan va modda tashkilotning maqsadi tinchlikni saqlash va tinchlikni mustahkamlashdan iborat ekanini ta’kidlagan.
“Hozir BMT nizomi birinchi moddadan buzilmoqda. Agar shunday bo‘lsa, boshqa barcha moddalarda nima ma’no bor? Bugun Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri aynan Rossiyaning Ukraina hududidagi harakatlari natijasida eng dahshatli harbiy jinoyatlar sodir etildi”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Uning aytishicha, bosqinchilar shaharlarni qasddan qamal qilib, ularda ommaviy ocharchilikni yuzaga keltirmoqda, yo‘llarda tinch aholi ustunlarini ataylab o‘qqa tutmoqda, hatto tinch aholi yashiringan boshpanalarni ham ataylab buzmoqda.
“Ammo hozir 2022 yil. Bu yerda inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bor. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar bor, to‘liq shaffof tergov o‘tkazish imkoniyati bor. Bizni qiziqtirgan narsa shu – to‘liq haqiqat, to‘liq javobgarlik. Ishonchim komilki, bundan BMTning har bir davlati manfaatdor bo‘lishi kerak”, degan Prezident.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi