Rossiyani SWIFT'dan uzishga qaror qilindi. Bu nimaga olib keladi?

Olam

image

Rossiyani SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzishga tayyorgarlik boshlandi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldiirdi.

“Biz kemirdik, kemirdik va kemirdik. Barcha Ukraina diplomatiyasi ishladi - Ukraina Prezidentidan tortib Ukraina elchixonasidagi attashesigacha”, deb yozgan Kuleba.

Vazirning ta’kidlashicha, ukrainalik diplomatlar ushbu g‘alabani Ukrainaning barcha himoyachilariga bag‘ishlaydi.

UNIAN xabar berishicha, AQSH va Yevropa Ittifoqi uzoq vaqtdan beri Rossiyani SWIFT tizimidan uzish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq Fransiya, Kipr, Italiya va Vengriya ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan edi. Eng oxirgi bo‘lib Germaniya bu taklifga bosh qo‘shgan.

Agar Rossiya Federatsiyasi SWIFT’dan uzilsa, nima bo‘ladi

Pul mablag‘larini xorijiy hisob raqamlariga o‘tkazish uchun odatdagidek mijoz banki yetarli bo‘lmaydi, yangi usullarni izlash kerak bo‘ladi. 

Korxonalar uchun xorijlik kontragentlarga to‘lash, yakuniy iste’molchilar uchun esa chet elga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qiyinlashadi. 

Bank operatsiyalarining sekinlashishi iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida tovarlar yetkazib berish zanjirlarining uzilishiga, bu esa o‘z navbatida import taqchilligiga olib keladi. Tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham narxlarning oshishiga va dollar va yevro kursining yana ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, SWIFT’dan uzilgan taqdirda, ko‘plab rossiyalik investorlar mahalliy qimmatli qog‘ozlarni ommaviy ravishda sotishni boshlaydilar, bu esa fond bozoriga zarba beradi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

427

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing