Rossiyaga serqatnov Lukashenko yana Putinning huzurida: yadro quroli bo‘yicha muhim gap bor

Olam

image

Bugun, 9 iyun kuni Rossiyaga serqatnov Belerus hukmdori Aleksandr Lukashenko yana Sochiga keldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mehmon Lukashenko bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazib, yozgi karorgohi Bocharov Rucheydagi verandada nonushta qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Nonushta chog‘ida Putin Rossiya yadro qurolini Belarusda joylashtirish sanasini e’lon qilgan.

“Hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Bilasizmi, 7-8 iyul kunlari tegishli ob’ektlarni tayyorlash ishlari yakunlanadi va biz zudlik bilan sizning hududingizga tegishli qurol turlarini joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni boshlaymiz”, degan Rossiya rahbari. 

Shuningdek, Putin Rossiya va Belarus o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning sifati va tuzilishi to‘g‘ri yo‘nalishda o‘zgarayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha gaplashadigan narsa borligini bildirgan. 

Lukashenko esa Belarus va Rossiya faqat o‘ziga ishonishi hamda sanksiyalarning bekor qilinishiga umid qilmasligi kerakligini aytgan. Shuningdek, u Rossiya bilan munosabatlarda hech qanday iqtisodiy muammo ko‘rmayotganini bildirgan. 

“Ha, iqtisodiy masalalar bor, lekin ular muammolar emas. Ular hal qilinmoqda”, degan Lukashenko.

Uning fikricha, Belarus-Rossiya munosabatlari YeOII va MDHning o‘zagi hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradidan keyingi davlat yetakchilarining kechki ovqatida Aleksandr Lukashenko qatnashmagandi. O‘shanda uning ahvoli yomonlashgani aytildi. Shundan so‘ng, u 15 maygacha ko‘rinish bermadi. 24 mayda esa Lukashenko betobligi haqidagi xabarlarga izoh berib, adenovirus (o‘tkir respirator virusli infeksiya) bilan kasallanganini ma’lum qildi. Shu kuni u Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan birga Moskvadagi “Zaryade” konsert zalida II Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisida qatnashdi. Forum yakunlanganidan keyin davlat rahbarlari Kremlda norasmiy tushlik qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Belarus' Lukashenko yadro quroli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing