Rossiyadan O‘zbekistonga uchayotgan samolyot anomal meteorologik hodisaga uchradi
Olam
−
05 avgust
41684Rossiyadan Krasnoyarsk-Toshkent yo‘nalishida uchayotgan samolyot parvoz vaqtida “anomal meteorologik hodisa” – do‘lga duch keldi. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 3 avgust kuni Krasnoyarsk shahridan parvozni amalga oshirayotgan A320 UK32015 samolyoti Rossiya va Qozog‘iston chegarasida do‘lga duch kelgan. Xabarda aytilishicha, bu 11 ming metr balandlikda uchayotgan samolyot uchun anomal meteorologik hodisa hisoblanadi.
Do‘l oqibatida havo kemasi oldi oynalari shikastlangan. Parvoz belgilangan protseduralar amalga oshirilganidan so‘ng davom ettirilgan. Samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Biroq ular jarohat olgani haqida ma’lumot keltirilmagan. Toshkentga qo‘nish jadvalga muvofiq amalga oshirilgan. Parvozdan keyingi tekshiruvda meteolokator burun konusining shikastlanishi aniqlangan.
“Hozirda shikastlangan qismni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda havo kemasi muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Ushbu hodisa parvozlarni davom ettirish uchun tahdid yoki jiddiy muammo tug‘dirmaydi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tegishli Istanbul-Samarqand reysini amalga oshirayotgan samolyot Ozarbayjonning Baku shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgani xabar qilingandi. Bunga yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i keskin yomonlashishi sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi